Qozog‘iston bir qator rossiyalik deputatlarning mamlakatga kirishini taqiqladi
Olam
−
03 may 10816 4 daqiqa
Joriy yilning 27 aprel kuni Rossiya MDH mamlakatlari instituti xodimi va tarixchi Andrey Grozin Ostonaga yetib kelgach, Qozog‘iston hududiga kirishiga ruxsat berilmadi. Garchi u aprel oxirida Qozog‘iston-Rossiya munosabatlarini muhokama qilishga bag‘ishlangan bir qancha tadbirlarda ishtirok etish uchun rasmiy taklif olgan bo‘lsa-da, uning Qozog‘istonga kirishi taqiqlangan shaxslar ro‘yxatida ekani ma’lum qilindi. Qozog‘iston OAVlariga bergan izohida Grozin unga bu qaror sabablari rasman tushuntirilmaganini aytdi. Andrey Grozinning Qozog‘istonga kirishiga ruxsat berilmagani Qozog‘istonning ayrim “nomaqbul shaxslar” ro‘yxatiga ega ekanligini ko‘rsatdi. “Deutsche Welle” bu ikki davlat o‘z hududida kimlarning bo‘lishini istamasligi masalasini o‘rgandi.
Kimlarga Qozog‘istonga kirish taqiqlangan?
Rasmiy darajada Grozinga rad etish sabablari izohlanmagan, biroq norasmiy manbalar DW’ga ayrim tafsilotlarni ochiqladi. Qozog‘iston hukumati vakillaridan biri Grozin o‘z chiqishlarida ehtiyotkor bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
“O‘zini tarixchi deb tanitayotgan Grozin janob To‘qayevning obro‘siga putur yetganini aytgan, hokimiyatga go‘yo “Turkiston legioniga” mayl bildiruvchi “natsiklar” (millatchilar) kelgan deb iddao qilgan edi. U, shuningdek, qozoqlar mentalitetini haqoratlab, ularni qo‘shnilarining molini o‘g‘irlab, uylarini yoqib yuboruvchi sifatida tasvirlagan. Ideologik jihatdan Qozog‘istonni 2014 yilgi Ukraina darajasiga tenglashtirgan edi. U unutgan bo‘lishi mumkin, ammo bizning yodimizda”, dedi hukumatdagi manba.
Manbaga ko‘ra, Qozog‘istonga kirish taqiqlangan shaxslar ro‘yxati mavjud, biroq bu ro‘yxat yopiq va to‘liq tarkibi noma’lum. Uning aytishicha, ilgari bu ro‘yxatda shartli ravishda Vladimir Jirinovskiy birinchi o‘rinda turgan. Hozirgi kunda esa Tina Kandelaki, Tigran Keosanyan, Aleksandr Dugin, Nikita Mendkovich, Davlat Dumasi deputatlari Yevgeniy Fedorov, Vyacheslav Nikonov va Petr Tolstoy, shuningdek, Konstantin Zatulinga ham kirish taqiqlangan.
“Ular mamlakatimiz va rahbariyatimiz haqida salbiy fikr bildirgan”, dedi manba.
U, shuningdek, ro‘yxatda faqat rossiyaliklar emas, boshqa davlat fuqarolari ham borligini aytgan.
Rossiya ham yopilmoqda
Qozog‘istonlik siyosatshunos Doniyor Ashimbayev bu amaliyotni shubha ostiga olgan. Uning fikricha, ayniqsa rasmiy tadbirlarga taklif etilgan shaxslarga nisbatan bunday taqiqlar noto‘g‘ri.
“30 yil davomida Qozog‘iston bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlarda bor-yo‘g‘i besh nafar fransuz, bir necha amerikalik, nemis ekspertlarini ko‘rganman. Rossiyadan esa faqat bir odam bilan muloqot qilganman”, deydi u.
Ashimbayevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada Qozog‘iston va Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan 10 nafarga yaqin ekspert bor, ulardan yarmi hech qachon mintaqada bo‘lmagan.
Rossiyaning o‘zi ham ayrim qozog‘istonliklarga nisbatan kirish taqiqlari joriy qilgan. Tarixchi Jaqsiliq Sobitovning DW’ga aytishicha, u Rossiyaga kirishi taqiqlangan kamida 10 nafar kasbdoshlari borligini biladi. Ba’zilari bu haqida chegaradan o‘tayotganda, boshqalari esa Rossiya aviakompaniyalaridan chipta xarid qilishga urinayotganda bilgan.
“Bu holatlar ayniqsa 2022 yildan so‘ng kuchaydi, odamlar Facebook va Instagram’da o‘z fikrlarini ochiq ayta boshladi. Endi nafaqat tarixchilar, balki boshqa kasb egalari ham bundan jabr ko‘rmoqda”, dedi u.
DW bilan suhbatda ekspertlar Rossiyaga kirishi taqiqlangan ba’zi qozog‘istonliklarning ismlarini ham oshkor qilgan. Ular orasida siyosatshunoslar Dosim Satpayev va Dimash Aljanov, jamoatchilik faollari Muxtor Tayjan va To‘g‘jan Xo‘jali, parlament deputatlari Ermurod Bapi va Aydos Sarim bor.
Majlis deputati Aydos Sarimning aytishicha, u Rossiyaga 2021 yilda kirishga uringanda rad javobini olgan.
“Delegatsiyamiz Bryusselga konferensiyaga ketayotgan edi. Moskvada 9 soatlik tanaffus bo‘lgani sababli, Qozog‘iston elchixonasi Moskvadagi tadbirda qatnashishni taklif etdi. Biroq diplomatik pasportim bo‘lishiga qaramay, meni shaharga kiritishmadi. Barcha delegatsiya o‘tdi, faqat men qolib ketdim. Chegarada Federal xavfsizlik xizmati xodimi chiqdi va menga “persona non grata” ekanligim yozilgan qog‘ozni topshirdi. Hech qanday izohsiz, faqat takroran urinish bo‘lsa, 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish mumkinligi yozilgan edi”, dedi u.
Sarim, shuningdek, Rossiyaga kirishi taqiqlangan ko‘plab taniqli olimlar borligini, xususan Tarix va etnografiya instituti direktori Ziyobek Qabuldinov ham ulardan biri ekanini tasdiqladi.
“Bu ro‘yxatda Rossiyada tug‘ilgan, Rossiyaga qarshi chiqmagan odamlar ham bor. Shunday sharoitda Qozog‘iston, albatta, aks ta’sir choralarini ko‘radi”, deydi Sarim.
Uning fikricha, Belarus bilan ham shunga o‘xshash vaziyat yuzaga kelmoqda.
Live
Barchasi