Qovun sayli davom etyapti. Qodirovning o‘zini hurmat qilgan odamlar haqidagi gapi nega shov-shuv ko‘tardi?

Jamiyat

Qovun sayli davom etadi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirovning UzReport telekanalida intervyuda aytgan gaplari navbatdagi “qovun tushirish” sifatida qabul qilinib, hafta oxirida ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvlarni keltirib chiqardi. Jurnalist Qodirovdan xorijda yashayotgan va mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik migrantlarga sharoit yaratish borasida partiyaning rejalari haqida so‘raydi. Qodirov esa unga quyidagicha javob beradi. 

“Avvalambor, e’tirof etish kerakki, O‘zbekiston o‘zi yetishtirgan mehnat resurslarini yaqin 20 yil ichida to‘liq ish bilan ta’minlaydi, desak – bu yolg‘on gap bo‘ladi. Biz o‘zimizni o‘zimiz aldayotgan bo‘lamiz. O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarining o‘sish suratlari hamda mehnat resurslarining, aholimizning ko‘payish darajasi bir-biriga mutanosib emas. Dunyoda haqiqatan ham mehnat resurslarining ortiqchasiga ega bo‘lgan davlatlar bor va O‘zbekiston shulardan bittasi. Aynan shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holatda biz ushbu masalaga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralarni ishga yondashuv shaklini tubdan o‘zgartirishimiz kerak. Va bu nuqtada men parlamentni ham qo‘shgan bo‘lardim. Biz bugun mehnat resurslarini eksport qilishning samarali usullari haqida bosh qotirishimiz shart. Bugun buning atrofida juda ko‘p gap bo‘lyapti. Sharoit yaratish, ularning xolidan xabar olish – bular masalani yechmaydi. Biz bugun yaqin atrofimizdagi mamlakatlarda qanday mehnat resurslariga talab bo‘lishi mumkin va biz ularni qanday shaklda o‘sha joyga olib borib, ularning haq-huquqlari, sharoitlari ta’minlanadigan holatda ishga joylashtirishning samarali tizimi haqida o‘ylashimiz shart. 

Vazirliklarning ishini tubdan qayta ko‘rib chiqish haqida aytdim. Lekin, bu yerda juda samarali bir metod, samarali mexanizm bor va biz aynan shuning uchun parlamentda ishimizni samarasiz deb baholayapmiz. Juda ko‘p davlatlarning misoli bor, parlamentlari parlamentlararo munosabatlarda o‘sha davlatning nafaqat iqtisodiy muammolarini, iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, balki har bir fuqaroning manfaatlarini himoya qilishda juda faol harakat qiladi. O‘zbekistonning parlamentining biz bunday faoliyati bilan maqtana olmaymiz. Aynan shu sababli O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi parlamentni parlamentlararo munosabatlarda birinchi masalalardan biri sifatida xorijda yashayotgan fuqarolarimizning haq-huquqlarini ta’minlash masalasini, himoya qilishni ta’sirchan institut sifatida ko‘rmoqda. Agar biz parlamentda yetakchi partiya bo‘lsak, biz qaysi davlatning parlamenti bilan parlamentlararo munosabatlarni yo‘lga qo‘yishimizdan qat’i nazar kun tartibidagi birinchi masalalardan biri aynan shu davlatlarda yashayotgan bizning fuqarolarimizning haq-huquqlarini ta’minlashini va ularning himoya qilishi bo‘ladi. Parlament mexanizmidan samarali foydalanish nuqtai nazaridan biz shuni taklif qilyapmiz va parlament diplomatiyasini yo‘lga qo‘yish, xalq parlamenti loyihalari bilan dasturga kiritganmiz. Lekin bu yetarli bo‘lmaydi, albatta”, 

Qodirov fikrida davom etarkan, o‘zini hurmat qiladigan odam 50 dollar tejab qolish uchun 50 daraja sovuqda yonib ketishi ma’lum bo‘lgan avtobusga o‘tirib yo‘lga chiqmaydi. Bu haqda u shunday deydi:

“Bugun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi xorijda ishlayotgan fuqarolarning u yerdagi sharoitlari bilan, albatta, shug‘ullanishi kerak. Lekin bu yerga ketish-chi? Bu yerdan ketayotgan vaqtida... Mana, yaqinda ko‘rdik 1 million so‘m atrofida pul berish kabi narsalarni. Bularning hech biri masalani yechmaydi. Biz maktabda bolalarni birinchi o‘rinda tarbiya mexanizm bilan o‘zini hurmat qilishga o‘rgatishimiz kerak. O‘zini hurmat qilgan odam til bilmagan joyiga ish qidirib bormaydi. O‘zini hurmat qilgan odam cho‘ntagida 50 dollarni “ekonom” qilish uchun yonib ketishi aniq bo‘lib turgan avtobusga o‘tirib, 50 daraja sovuqda yo‘lga chiqmaydi. Aynan shuning uchun biz aytyapmizki, insonning o‘zini hurmat qilishiga erishishimiz kerak. Ana o‘shanda u o‘zini birinchi o‘rinda hurmat qiladi. Agar ishga ketadigan bo‘lsa ham... Albatta, bu yerda vazirlik va idoralarning o‘z mas’uliyatini amalga oshirishi o‘z o‘rniga, lekin inson birinchi o‘rinda o‘zini himoya qilishi, o‘zini hurmat qilishi kerak. Borayotgan joyida uni nima kutayotganligini oldindan tahlil qilmasdan qanday qilib o‘zini shunday xavfli sharoitga qo‘yishi mumkin?”

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 18 yanvar kuni O‘zbekistondan Rossiyaga yo‘lga chiqqan avtobus Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida yonib ketgan edi. Natijada avtobusdagi 52 o‘zbekistonlik qurbon bo‘ldi. 


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Qodirov

Baholaganlar

158

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing