Qotillikda ayblanayotgan Nazarboyevning “lyubimchigi”. Saltanat Nukenovaning o‘limi haqida nimalar ma’lum?

Tahlil

image

Qozog‘istonda o‘zining turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani o‘ldirganlikda ayblanayotgan sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev ustidan sud bo‘lib o‘tmoqda. 

Ijtimoiy tarmoqlarda marhuma Saltanat Nukenovaning oilasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida #Saltanatuchun deb nomlangan fleshmob o‘tkazilmoqda. Qayd etish joiz, ushbu fleshmobni O‘zbekistonda va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarida ham ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘tkazilayotganini ko‘rish mumkin. Qozog‘istonda oiladagi zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortuvchi qonun qabul qilinishi arafasida, sud jarayoni ilk bor jonli efirda namoyish etildi.

Fojia “Astana Bau” restoranida 2023 yil 9 noyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Qozog‘istonning sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev o‘zining turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani kaltaklab o‘ldirgan.

Shu kuni Bishimbayev hibsga olindi va unga 15 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Agar tergov uning qotillikni alohida shafqatsizlik bilan sodir etganini isbotlasa, u umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi. Tergovni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev shaxsiy nazoratiga olgan.

Bu jarayonning o‘ziga xosligi shundaki, amaldorning jinoyati uchun sud jarayoni yopiq eshiklar ortida imi-jimida o‘tib ketmayotganidadir. 

Hakamlar hay’ati sudlarining ochiq translyatsiyalarini Oliy sud veb-saytida, turli ommaviy axborot vositalarida, YouTube’da ko‘rish mumkin – bu Qozog‘istonda birinchi marta sodir bo‘lmoqda. Bu sud jarayonini hamma kuzatmoqda: bolalar ham, taksi haydovchilari ham.

“Davlatning ushbu sud jarayonini onlayn va jonli tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori, umid qilamanki, ayollar huquqlari, xususan, oiladagi zo‘ravonlik sohasida jiddiy o‘zgarishlarga olib keladi”, deydi “Zo‘ravonlikka chek qo‘yish” inson huquqlari tashkiloti asoschisi Moldir Alban.

Nazarboyevning “lyubimchigi”

Qotillikda ayblanayotgan Kuandik Bishimbayev hozir 44 yoshda. Uning otasi Valixon Bishimbayev 30 yildan ortiq vaqt davomida respublikaning turli oliy o‘quv yurtlariga rahbarlik qilib keladi.

1996 yilda, 16 yoshida Bishimbayev maktabni tugatdi, uch yildan so‘ng, 1999 yilda, Olmaotadagi Davlat boshqaruv akademiyasining diplomini oldi.

Ikki yil o‘tgach, u bir vaqtning o‘zida ikkita universitetni tugatdi: Taraz davlat universiteti va AQSHning Jorj Vashington universiteti “Bolashak” dasturi bo‘yicha (bu a’lochi talabalar uchun stipendiya bo‘lib, dunyoning eng yaxshi ta’lim muassasalarida bepul o‘qish imkoniyatini beradi).

Qozoq matbuoti Bishimbayevning ommaviy tarjimai holidagi nomuvofiqliklarga bir necha bor e’tibor qaratgan: uch yil ichida bakalavr darajasini olish va keyin bir vaqtning o‘zida turli mamlakatlardagi ikkita universitetni tugatish mumkin emas.

AQSHda tahsil olib, Qozog‘istonga qaytgan Bishimbayev moliya sohasida ishlagan. 26 yoshida u iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini himoya qilgan, keyin Savdo va iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari, shundan so‘ng esa prezident Nursulton Nazarboyevning yordamchisi bo‘lgan.

“Aytishga jur’at etaman, u avvalgi prezidentimizning sevimlisi edi. U doimo televizorda "eng yosh vazir" sifatida ko‘rsatildi, ya’ni u har doim umumiy fondan ajralib turardi”, deydi huquq himoyachisi Moldir Alban.

2016 yilning mayidan dekabrigacha Bishimbayev milliy iqtisodiyot vaziri bo‘lgan, biroq korrupsiyada ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Ammo bir yarim yil o‘tgach, u shartli ravishda ozod qilindi. U endi davlat lavozimlarida ishlamaydi.

Sudda Bishimbayev oyiga 8 milliondan 15 million tengegacha maosh olganini aytdi. Bu uning “Astana Bau” restoranining (fojia sodir bo‘lgan) hammuallifi sifatida olgan daromadidir.

“Bishimbayev huquq himoyachilari, faollar va jurnalistlar uzoq yillardan beri kurashib kelayotgan barcha yovuzlikning timsolini aks ettiradi. 10 yilga qamalishi kerak edi, lekin o‘zi bu chirigan tuzumning yuzi bo‘lgan Nazarboyev tomonidan afv etildiyu va bu asosiy sabablardan biri, shuning uchun hozir butun Qozog‘iston bu ishni muhokama qilmoqda”, deya qo‘shimcha qiladi Qozog‘istonning “Feminita” inson huquqlari tashkiloti media menejeri Aisana Ashim.

Saltanat Nukenova haqida

Saltanat Nukenova 1992 yil 15 mayda Pavlodar shahrida tug‘ilgan, maktab, kollej va universitetni tamomlagan.

“Biz milliarderlar oilasi emasmiz, qiyin paytlar bo‘lgan. Ota-onamiz qo‘llab-quvvatlashi bilan Saltanat Amerikaga, Angliyaga o‘qishga jo‘nab ketdi”, deydi marhumaning ukasi Aytbek Amangeldi.

Ukasining aytishicha, Saltanat astrolog bo‘lgan. Bishimbayev Nukenovani Instagramda yuritgan blogi orqali tanigan. 

Ularning munosabatlari tez rivojlanib, olti oydan kamroq vaqt o‘tgach, 2022 yil dekabr oyida to‘y qonuniy ro‘yxatdan o‘tmasdan nishonlangan. Oradan bir necha oy o‘tib, 2023 yilning mart oyida Saltanat ukasi Aytbekka yuzida ko‘karishlar bor suratini yuborgan. Shundan so‘ng uka va Bishimbayev o‘rtasida janjal yuz bergan.

Boshqa guvohlarning aytishicha, bezorilik muntazam ravishda sodir bo‘lgan. Saltanat Bishimbayevni bir necha bor tark etishga uringan, ammo sud jarayonida ma’lum bo‘lishicha, Bishimbayev uni intim video bilan shantaj qilgani uchun ajrashishdan qo‘rqqan.

Fojia

2023 yil 8 noyabr kuni kechqurun Bishimbayev va Nukenova Qozog‘iston markaziy konsert zalida rossiyalik qo‘shiqchi Dima Bilanning konsertiga kelishgan. Ammo konsert vaqtida er-xotin janjallashib qolgan. Ular konsert tugamasidan Astana Bau restoraniga yo‘l olishgan. Bishimbayevlar oilasiga tegishli bo‘lgan ushbu restoranda ularning to‘yi deyarli bir yil oldin bo‘lib o‘tgan va Nukenova o‘sha yerda o‘ldirilgan. Bishimbayev uni tun bo‘yi kaltaklagan.

Dastlab Nukenova restoran hojatxonasida kaltaklangan. 

“Burunning maydalangan sinishi shakllanishi uchun odamni hojatxona unitaziga urish kerak”, deydi sud-tibbiyot eksperti Tohir Xalimnazarov.

Nukenovaning ikkinchi kaltaklanishi ertalab soat 07:00 atrofida restoran zalida sodir bo‘lgan, buni kuzatuv kameralaridagi yozuvlar ham tasdiqlaydi.

Shundan so‘ng, Bishimbayev Nukenovaning sochidan sudrab, restoranning videokuzatuv kameralari bo‘lmagan kabinasiga olib kirgan. Saltanat esa u yerdan tirik chiqmagan.

Tez yordam Bishimbayevning qarindoshi Baxitjan Bayjanov tomonidan soat 19:55 da – Nukenova kaltaklanganidan 12 soatdan ko‘proq vaqt o‘tib chaqirilgan. Saltanat Nukenovaning o‘limiga yopiq bosh miya jarohati sabab bo‘lgan. Shuningdek, marhumaning jasadida bo‘g‘ilishga mos keladigan jarohatlar topilgan.

Oilaviy zo‘ravonlik to‘g‘risidagi qonun

Oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurash masalasi Qozog‘iston uchun og‘riqli nuqta. Har yili kamida 80 nafar ayol uydagi zo‘ravonliklar sababli vafot etadi. Har kuni politsiya jabrlanuvchilardan 300 ta bayonot oladi.

Saltanat Nukenovaning o‘ldirilishi munosabati bilan yuzaga kelgan norozilik oilaviy zo‘ravonlik to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishiga ta’sir ko‘rsatdi – qonun Senatda ma’qullandi va prezident tomonidan imzolandi.

Bildirilishicha, qonun hujjatlarida ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday turi uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda. Qonun bilan qasddan sog‘liqqa yengil, o‘rta va og‘ir darajada shikast yetkazish, shuningdek, kaltaklash uchun jinoiy javobgarlikka tortish kabi normalar, xususan, jarimalar, jamoat ishlari va 50 sutkagacha qamoq shaklidagi jazolar joriy etilmoqda. 

Bundan tashqari, qonunda oila masalalari, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha aloqa markazi faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish, kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berishni davlat organlariga yuklash, oilaviy zo‘ravonlik qurbonlariga yordam ko‘rsatadigan oilalarni qo‘llab-quvvatlash markazlarini tashkil etish va ularning faoliyatini tartibga solish kabilar belgilab qo‘yildi. 

“Bu jarayon tarixda qoladi va uzoq davom etadigan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Hokimiyatda hali ham shunday Bishimbayevlar ko‘p. Shu bois fuqarolik jamiyatini rivojlantirish nuqtai nazaridan sud ijobiy ma’noga ega”, deydi siyosatshunos Do‘sim Satpayev.

O‘zbekistondagi oilaviy zo‘ravonliklar

O‘zbekistonda 2024 yilning 1-choragida 4 ming 343 nafar shaxs oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortildi. 

Ma’lum qilinishicha, 2024 yilning 1-choragida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan 318 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 97 nafariga jarima jazosi, 221 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan. Taqqoslash uchun o‘tgan yili ushbu modda bo‘yicha 666 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 233 nafariga jarima jazosi, 433 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Shu yilning birinchi choragida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 4 ming 343 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 2 ming 344 nafariga jarima jazosi, 1 ming 999 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi. 2023 yilda esa xuddi shu modda bilan 8 ming 928 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 5 ming 229 nafariga jarima jazosi, 3 ming 699 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi berilgan.

Joriy yil Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 134 nafar shaxs sudlanib, ularning 51 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 83 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi. 2023 yilda esa Jinoyat kodeksining ushbu moddasi bilan 203 nafar shaxs sudlanib, ularning 59 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 144 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar berilgan.

Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) bilan 40 nafar shaxs sudlanib, ularning 13 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 27 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi. O‘tgan yili esa Jinoyat kodeksining shu bilan 48 nafar shaxs sudlanib, ularning 7 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 41 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Kuandik Bishimbaev Saltanat Nukenova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing