Qoshiqchining sirli o‘limiga bir yil to‘ldi

Olam

image

2018 yilning eng shov-shuvli, eng sirli voqeasiga kecha, 2 oktyabr kuni bir yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan Saudiya Arabistoni konsulligi binosi yonida Jamol Qoshiqchini xotirlash marosimi o‘tkazildi. Marosim Jamol Qoshiqchi bundan bir yil konsullik binosiga kirgan vaqt soat 13:14 da bir daqiqalik sukut bilan boshlandi. 

Unda Jamol Qoshiqchining qallig‘i Hadicha Chengiz, Turk-arab media uyushmasi rahbari Turan Qishloqchi, misrlik siyosatchi Eymen Nur, Chegarasiz jurnalistlar tashkilotining turkiyalik vakili Erol O‘ndero‘g‘lu, "Washington Post" gazetasi va "Amazon"  internet-do‘koni asoschisi Jeff Bezos va  ko‘plab rasmiylar ishtirok etdi. 

Marosimda Jamol Qoshiqchining suratlari va videolari jamlangan rolik namoyish etildi. Shuningdek, Qoshiqchining vafotiga bir yil to‘lishi munosabati bilan uning xotirasiga o‘rnatilgan ramziy qabrtoshlarning ochilishi bo‘lib o‘tdi. 

Jamol Qoshiqchi 2018 yilning 2 oktyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi Saudiya Arabistoni Bosh konsulxonasiga fuqarolik masalasini hal qilish uchun borgan. U yerda uni Saudiyadan kelgan guruh vakillari ushlab o‘ldirgan. Jasad bo‘laklarga bo‘linib, konsulxonadagi quduqqa yashirilgan.

Saudiya Arabistoni Qoshiqchi o‘ldirilganini qotilikdan 18 kun o‘tib, 20 oktyabr kuni tan olgan. Saudiyada jinoyat ishi ochilib, 5 nafar yuqori martabali amaldor ishdan olingan, 21 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olinib, ularning 11 nafariga ayblov e’lon qilingan. Prokuror ayblanuvchilarga umrbod qamoq jazosi so‘ragan.

“Al Jazeera” telekanalining “Daily Sabah” gazetasi bilan hamkorlikda ishlovchi muxbiri Nazif Karamanning ma’lumotlariga ko‘ra, Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligiga chaqirilgan Jamol Qoshiqchining so‘nggi so‘zlari: “Nafas olomayapman, paketdan boshimni chiqaringlar”,  bo‘lgan.

Qaydlarga ko‘ra, Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi taxminan 7 daqiqa davom etgan.

Shu kunlarda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Jamol Qoshiqchining vafoti bilan bog‘liq voqeani yana kun tartibiga chiqarmoqda. U sentyabr oyi oxirida o‘tgan BMT Bosh assambleyasining 74-sessiyasida ham minbardan turib Jamol Qoshiqchi o‘ldirganlar jinoyati uchun javob berishi kerakligini talab qildi. Qolaversa, Prezident AQSH ommaviy axborot vositalari uchun yozgan maqolasida Jamol Qoshiqchining sirli o‘limini 2001 yilda sodir etilgan 11 sentyabr voqealarini inobatga olmasa, XXI asrning eng mudhish jinoyati, deb ta’rifladi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Jamol Qoshiqchi

Baholaganlar

63

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing