Qorli qishloqdan Prezident huzurigacha. Japarov 10 yashar o‘quvchiga o‘zining Iphone'ini sovg‘a qildi (video)
Olam
−
18 dekabr 9727 3 daqiqa
Qirg‘izistonning chekka bir qishlog‘idan bo‘lgan 4-sinf o‘quvchisining hikoyasi mamlakat Prezidenti Sadir Japarovning e’tiboriga tushdi va u bolakayga o‘zining telefonini sovg‘a qildi.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Osh viloyatining Kara-Kulja tumani Koo-Chati qishlog‘idan bo‘lgan Nurzamon Almazbekovning qor kechib maktabga borayotgani aks etgan video tarqaldi. Qirg‘iziston Prezidenti ma’muriyati axborot siyosati xizmati rahbari Dayirbek Orunbekovning ma’lum qilishicha, davlat rahbari ham bu videoni ko‘rgan.
“Sadir Nurgojovich ushbu videoni o‘zi ko‘rdi va qiyin sharoitlarga qaramay bilim olish istagini namoyon etgan bolaning sa’y-harakatlaridan juda mamnun bo‘ldi. Prezidentimiz shunday matonatli va iqtidorli bolalar alohida qo‘llab-quvvatlashga loyiq deb qayd etdi va uni Prezident archasiga taklif qilish topshirig‘ini berdi. Shuningdek, davlat rahbari nomidan maktab o‘quvchisiga sovg‘a tayyorlanmoqda”, dedi u.
Nurzamon Almazbekov boshlang‘ich maktabning 4-sinf o‘quvchisi. U oiladagi olti nafar farzandning to‘rtinchisi. Uning otasi Almaz 39 yoshda, onasi Jumagul 38 yoshda, ikkalasi ham uy-ro‘zg‘or ishlari bilan shug‘ullanadi. Nurzamon matematika va qirg‘iz adabiyotini chuqur o‘rganadi, yaxshi chizadi va futbol bilan shug‘ullanadi.

10 yoshli Nurzamonning aytishicha, video 11 dekabrda olingan. Ushbu kunda qishloqqa kuchli qor yog‘gan, ba’zi joylarda uning balandligi bir metrdan oshgan. Qiyin ob-havo sharoitlariga qaramay, u darslarni o‘tkazib yubormaslik uchun maktabga piyoda borgan. Nurzamon prezident archasiga taklif qilinganini eshitib juda xursand bo‘lganini aytdi.

“Mening ismim Nurzamon, men 10 yoshdaman va 4-sinfda o‘qiyman. Prezidentdan sovg‘a olaman deb eshitganimda juda xursand bo‘ldim. Men yaxshi o‘qishga harakat qilaman, adabiyot o‘qishni, matematika o‘rganishni yoqtiraman, jismoniy tarbiyani ham yaxshi ko‘raman. Shu kunda maktabga bordim, chunki yangi mavzularni o‘tkazib yubormasligim kerak deb o‘yladim. Hech qachon darslarni qoldirmayman”, dedi u.

O‘quvchining onasi Jumagul Ismanova esa ertalab bolalarni uyda qoldirishga urinib ko‘rganini aytdi, lekin farzandlari rozi bo‘lmagan.
“Menning olti bolam bor – ikki o‘g‘il va to‘rt qiz. Ertalab qor bir metrdan oshganini ko‘rdik. Bolalarga maktabga bormaslikni aytdim, lekin ular rozi bo‘lmadi. Ikki qiz ertaroq chiqdi, eng katta bolam shu kuni kasal bo‘lib borolmadi. Videoni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rdik – tez tarqaldi. Albatta, xavotirlandim, lekin o‘g‘lim prezident archasiga taklif qilinganini eshitganimizda butun oila uchun katta xursandchilik bo‘ldi”, dedi Nurzamonning onasi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoni pedagog Meerimgul Kalbay kizi suratga olgan. U dastlab videoni e’lon qilishni rejalashtirmagan.
“Videoni WhatsApp’da status sifatida joylashtirdim, faqat ota-onalarga ko‘rsatish uchun. Ko‘rgan odamlar uni yuborishni so‘ray boshladi. Bir necha soat ichida rolik ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Butun maktab oilasi bilan Nurzamon uchun juda xursand bo‘ldik. U prezident archasiga boradi deganini eshitganda, o‘quvchimiz uchun faxr tuydik. U yaxshi o‘qiydi, juda mas’uliyatli. Uning opasini ham o‘zim o‘qitganman – u ham intizomli o‘quvchi edi. Bu oila ko‘p farzandli va namunaviy oilalardan biri”, dedi pedagog.
Nurzamon kelajakda aktyor yoki futbolchi bo‘lishni orzu qiladi, ammo uning asosiy maqsadi – yaxshi o‘qish va universitetga kirish.

Kecha, 17 dekabr kuni Prezident Sadir Japarov maktab o‘quvchisi Nurzamon Almazbekovni qabul qildi. Prezident Nurzamonga o‘zi yozgan kitobni, imzosi qo‘yilgan futbol topini, noutbuk va o‘zining Iphone 16 telefonini sovg‘a qildi.

Davlat rahbari aytib o‘tdiki, bu bola uning o‘zi bolalikda maktabga borish uchun qorni yengib o‘tganini eslatgan. Uchrashuv yakunida Prezident Sadir Japarov Nurzamonga katta muvaffaqiyatlar tilagan.
Live
Barchasi