Qoraqalpog‘istonlik pedagog “Yil o‘qituvchisi“ bo‘lib, 50 ming dollar mukofot oldi (video)

Jamiyat

image

Qoraqalpog‘istonlik o‘qituvchi Nigora Allambergenova “Yil o‘qituvchisi“ tanlovida g‘olib bo‘lib, 50 ming dollar mukofot oldi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Qonliko‘l tumanidagi 2-sonli maktab o‘qituvchisi Nigora Allambergenova “Yil o‘qituvchisi“ tanlovida g‘olib bo‘lgan. U Prezident bilan muloqot davomida ikki yil avvalgi suhbatini eslab, o‘sha paytda chekka hududda ishlashiga qaramay, 2 ming dollar maosh olayotganini aytganini qayd etgan.

“Hurmatli Prezident, biz siz bilan ikki yil oldingi muloqotimizda, o‘zim chekka hududda ishlasam ham 2 ming dollar maosh olyapman, degan edim. Siz esa qachonki 4 ming dollar olayotgan bo‘lsangiz, men sizdan rozi bo‘laman, degan edingiz. Hurmatli Prezident, bugun sizga maqtanib ayta olaman. Men “Yil o‘qituvchisi“ tanlovining g‘olibi sifatida 50 ming dollar olyapman“, degan Nigora Allambergenova.

Ma’lumot uchun, respublika bo‘yicha 208 nafar, Qoraqalpog‘istondan esa 17 nafar o‘qituvchi ushbu tanlovda g‘olib deb topilgan.

Pedagog, shuningdek, Qonliko‘l tumanidagi 1-sonli maktab binosi avariya holatida bo‘lgani va ushbu maktab 2019 yildan buyon tuman texnikumi binosida faoliyat olib borganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident topshirig‘i bilan maktab uchun bu yil 600 o‘rinli yangi va zamonaviy bino qurib bitkazilgan. Bundan tashqari, yoshlar dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiluvchi tuman kutubxonasi ham bu yil o‘z binosiga ega bo‘lgan.

“Mana shular uchun, bilimga, ta’limga va biz o‘qituvchilarga qaratayotgan e’tibor va g‘amxo‘rligingiz uchun chuqur minnatdorchiligimni bildiraman“, deya qo‘shimcha qilgan u.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 sentyabr kuni O‘zbekistondagi pedagoglar o‘rtasida yilning eng katta bellashuvi – Prezident tashabbusi bilan joriy etilgan “Yil o‘qituvchisi“ tanlovi g‘oliblari aniqlangandi. Tanlovda 208 ta tuman (shahar) bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan g‘oliblarning har biri 616 mln so‘m (bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari) pul mukofoti bilan mukofotlanadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing