Qoraqalpog‘istondagi voqealar ortidan Komilov AQSHga bordi
Olam
−
07 iyul 2022
17850Amaliy tashrif bilan AQSHda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya kecha, 6 iyul kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.
Muloqotda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning holati va istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik hamfa barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilingan.
Bosh kotib O‘zbekistonning 2022 yil 26 iyul kuni Toshkent shahrida “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. Mazkur forumda BMTdan yuqori darajadagi vakillar ishtirok etadi.
Guterrish O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ustuvor yo‘nalishlari haqidagi ma’lumotlarni katta qiziqish bilan tinglagani aytilmoqda.
Tomonlar o‘zaro hamkorlik kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar bo‘yicha munosabat bildirib, O‘zbekiston hukumatini namoyishlar chog‘ida namoyishchilarning o‘limiga sabab bo‘lgan xavfsizlik kuchlarining harakatlarini zudlik bilan tekshirishga chaqirgan edi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet o‘zi bayonotida o‘lganlar soni ancha yuqori bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgan edi. Biroq BMT Bosh kotibi Guterrish va Komilov o‘rtasida Qoraqalpog‘iston masala muhokama qilinganmi yo yo‘q, TIV bunga aniqlik kiritmagan.
LiveBarchasi