Qoraqalpog‘istondagi mudhish YTHda 8 kishi halok bo‘ldi (video)
3-sahifa
−
24 iyul
17340Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 8 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 22 iyul kuni soat 19:05 larda tumandagi “Yelabat PPJ” hududidan o‘tuvchi A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 891-892-kilometrida 1994 yilda tug‘ilgan, Qo‘ng‘irot tumanida yashagan M.N o‘zining Lacetti mashinasini tuman markazidan “Qoraqalpog‘iston” PPJ tomonga haydab borayotib boshqaruvni yo‘qotgan va qarama-qarshi tomonga chiqib ketgan. Oqibatda, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan, 2001 yilda tug‘ilgan, Qo‘ng‘irot tumanida yashagan U.D. boshqaruvida bo‘lgan Cobalt avtomobili bilan to‘qnashib yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Oqibatda Lacetti haydovchisi M.N va uning yo‘lovchisi, 1986 yilda tug‘ilgan, Qo‘ng‘irot tumanida yashagan A.B. hamda Cobalt haydovchisi U.D hodisa joyida vafot etgan.
Shuningdek, Lacetti yo‘lovchisi (1975 yilda tug‘ilgan, Qo‘ng‘irot tumanida yashagan) B.T. hamda Cobalt yo‘lovchilari – T.A. ( 1993 yilda tug‘ilgan, Mo‘ynoq tumanida yashagan), K.T. (1997 yilda tug‘ilgan, Qo‘ng‘irot tumanida yashagan), K.K. ( 1971 yilda tug‘ilgan, Mo‘ynoq tumanida yashagan) va S.R. (1994 yilda tug‘ilgan, Qo‘ng‘irot tumanida yashagan) tuman tibbiyot birlashmasiga tan jarohati bilan yotqizilgan. Biroq, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, olgan tan jarohati oqibatida o‘ziga kelmasdan vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada YTH oqibatida bir haydovchi halok bo‘lgani xabar qilingandi.