Qoraqalpog‘istonda SSSR tangalarini Rossiyaga olib ketmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
21 Sentabr
9264Qoraqalpog‘iston Respublikasida tarixiy va madaniy boyliklarni olib chiqishga bo‘lgan navbatdagi urinishlar fosh qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Qoraqalpog‘iston” temiryo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Toshkent-Volgograd” yo‘nalishidagi poyezd bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, yo‘lovchilardan biri bundan 54 yil muqaddam ishlangan byustni yashirin tarzda olib chiqayotgan vaqtda to‘xtatib qolingan.
“Dovut-ota” chegara bojxona postida aniqlangan holatda esa avtotransport vositasida O‘zbekistondan chiqib ketayotgan yo‘lovchi o‘zi bilan 12 dona tarixiy osori atiqalarni olib chiqayotgan vaqtida fosh qilingan. Ular orasida 1965 yilda va 1970 yilda SSSRda zarb etilgan 2 dona tanga, XX asrga mansub barchasi kumushdan ishlangan 1 dona bilaguzuk, 1 dona uzuk, 2 dona choyqoshiq, ayollar kiyimiga taqiladigan 2 juft to‘qa bor.
Mazkur ashyolar orasida 4 dona qadimiy kitob ham mavjud bo‘lib, san’atshunoslar xulosasiga ko‘ra, kitoblardan 3 tasi toshbosma usulida XIX asrda chop etilgan bo‘lib, asosan islom dini tarixiga oid noyob manbalar hisoblanadi. Kitoblardan yana biri esa XX asr boshlarida Toshkentda chop etilgan.
Mazkur qadimiy ashyolar Nukus shahrida joylashgan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyiga topshirilgan. Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan ma’muriy ishlar yuritilib, sud organlariga yuborilgan.
Ma’lumot uchun, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi qonunga asosan, 50 yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklarni O‘zbekistondan olib chiqish mumkin emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida qadimiy numizmatika buyumlarini mamlakat hududidan olib chiqmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangandi. Ashyoviy dalil sifatida olib qolingan 263 dona qadimiy tangalarning bir qismi dastlabki tahlillarga ko‘ra, bundan 500 yil muqaddam zarb etilgan.
LiveBarchasi