Qoraqalpog‘istonda mast erkak maktabga bolta ko‘tarib bordi

3-sahifa

image

Kecha, 4 mart kuni soat 15:40 larda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtko‘pir tumanida mast erkak qo‘lida bolta bilan Dao‘ir mahallasida joylashgan 4-sonli maktabga bordi. U xizmat o‘tayotgan Milliy gvardiyaning qorovul xodimi tomonidan to‘xtatib qolindi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur fuqaro maktabning kirish joyida xizmat o‘tayotgan qorovul xodimning begonalarni maktab ichkarisiga kiritmasligi to‘g‘risidagi ogohlantirishiga va talablariga bo‘ysunmasdan, kurtkasi ichidan bolta chiqarib janjal ko‘tarib turgan vaqtda “tashvish” xabari berilgan. Shu asosda yetib kelgan tuman qo‘riqlash xodimlari mast erkakni qo‘lga olgan.

Olib borilgan dastlabki o‘rganishlar davomida ushbu fuqaro Taxtako‘pir tumanida yashovchi 45 yoshli S.D. ekani, mazkur maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydigan turmush o‘rtog‘i R.B.ni ko‘rishga kelgani va gaplashib ketmoqchi ekanini, qo‘lidagi boltani esa o‘tin chopish oldidan o‘tkirlatishga olib chiqqani ma’lum bo‘lgan.

“Fuqaro S.D. tezkor guruh xodimlari tomonidan tuman Tibbiyot bo‘limiga olib borilib, spirtli ichimlik iste’mol qilganligi bo‘yicha ma’lumot olingandan so‘ng, tuman IIB profilaktika inspektori bilan birga tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan holda, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktiga yotqizilgan”, deyiladi xabarda.  

Hozirda holat yuzasidan Taxtako‘pir tumani IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi maktablardan birida ro‘y bergan janjalni bartaraf etmoqchi bo‘lgan Milliy gvardiya xodimiga tan jarohati yetkazilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

maktab Qoraqalpog'iston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing