Qoraqalpog‘istonda Qizil kitobga kiritilgan bug‘uni o‘ldirgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
12 iyun 2023
6036Qoraqalpog‘iston Respublikasida Buxoro bug‘usini noqonuniy ovlagan brakoner qo‘lga olindi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Unda aytilishicha, kecha, 11 iyun soat 05:30 da Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Quyi Amudaryo biosfera rezervati inspektorlari tomonidan Xalqaro Qizil kitob va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro bug‘usini noqonuniy ovlagan brakoner ushlangan. Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati inspektorlariga rezervatning Jumurtov bo‘limi o‘tish zonasi fermer xo‘jaligi hududida o‘q ovozi eshitilgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Inspektorlar voqea joyiga yetib borganida oq rangli Matiz chiqib ketganini aniqlagan. Mashina izidan quvib, Gurlan tumani “Dehqonobod” MFYgacha borgan. Huquqbuzarning mashinasida qoplar borligi, ularga esa bir dona Buxoro bug‘usining bo‘laklangan jasadi solingani ma’lum bo‘ldi.
“Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tergovchisi tomonidan protsessual tartibda ikki dona ov miltig‘i, bir dona Buxoro bug‘usi tana qismlari rasmiylashtirib olindi. Huquqbuzar tomonidan tabiatga 99 million so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Ish prokuraturaga yuborilgan.
LiveBarchasi