Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi sobiq raisi vafot etdi

Jamiyat

image

Butun hayoti va mehnat faoliyatini mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga bag‘ishlagan taniqli davlat va jamoat arbobi, mehnat faxriysi Amin Hamroyevich Tojiyev bugun, 4 iyun kuni 79 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston Prezidenti uning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Ma’lumot uchun, Amin Tojiyev 1947 yil 12 aprelda To‘rtko‘l tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti (hozirgi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti)ni muhandis-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1968 yil To‘rtko‘l tumanidagi Al-Xorazmiy nomidagi jamoa xo‘jaligining texnika xavfsizligi muhandisi sifatida boshlagan. Keyinchalik To‘rtko‘l, Elikqal’a, Amudaryo tumanlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 

Katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan Amin Tojiyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, qishloq xo‘jaligi vaziri, O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi davlat agrosanoat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda fidokorona mehnat qilgan. 

Amin Tojiyev o‘zining 50 yildan ziyod mehnat faoliyati davomida Orolbo‘yi mintaqasidagi murakkab sharoitda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilma tarmoqlarini yaratish, aholining turmush darajasini yuksaltirish bo‘yicha ko‘plab ishlarni amalga oshirgan.

Xususan, suv tanqisligini bartaraf etish maqsadida “Tuyamo‘yin – Nukus – Taxtako‘pir” sug‘orish tarmog‘i va ko‘plab ijtimoiy va madaniy ob’ektlarni barpo etishda jonbozlik ko‘rsatgan.

U nafaqaga chiqqanidan keyin ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, ekologik muhitni yaxshilash, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borishga qaratilgan loyihalarni ro‘yobga chiqarish, keksa avlod manfaatlarini himoya qilish, yoshlarni vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga o‘zining boy hayotiy bilim va tajribasini baxsh etgan.

Amin Tojiyevning mamlakatni taraqqiy ettirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlangan. U “El-yurt hurmati”, “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari, “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan mexanizator” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.

“Taniqli davlat va jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Amin Hamroyevich Tojiyevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi ta’ziya xatida.


Maqola muallifi

Teglar

Qoraqalpog'iston Amin Tojiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing