Qorabog‘dagi shahar Islom dunyosining madaniy poytaxti deb e’lon qilindi
Olam
−
25 Sentabr 2023
5781Ozarbayjonning Qorabog‘ viloyatidagi Shusha shahri 2024 yil uchun Islom olamining madaniy poytaxti deb e’lon qilindi. Bu haqda Qatar poytaxti Doha shahrida bo‘lib o‘tgan konferensiyada ma’lum qilindi.
Aytilishicha, tegishli qaror bir ovozdan qabul qilingan. Keyin tadbirda Shusha haqida videorolik namoyish etilgan.
Qayd etish joizki, 2022 yil Ozarbayjonda Shusha yili deb e’lon qilingan edi. Shusha madaniy hayotini jonlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida musiqa bayramlari, she’riyat kunlari, ko‘plab mahalliy va xalqaro madaniy tadbirlar o‘tkazilgan. Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) ham Shusha shahrini 2023 yil uchun turkiy dunyoning madaniy poytaxti deb e’lon qildi.
Shu tariqa, Shusha shahri Ozarbayjon tarixiy, madaniy, ijtimoiy-siyosiy hayotining muhim markazlaridan biriga, jumladan, Islom sivilizatsiyasi ramziga aylandi.
Ma’lumot uchun, shahar 1992 yil 8 mayda Armaniston Qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan. 2020 yilda 44 kunlik urushdagi g‘alabadan so‘ng, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Shusha shahri arman bosqinidan ozod qilinganini e’lon qildi. Shahar markazida Ozarbayjon bayrog‘i ko‘tarildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi Ozarbayjonga bo‘lgan davlat tashrifining ikkinchi kunida ozarbayjonlik mavqedoshlari hamrohligida Shushaga borib, shaharning diqqatga sazovor joylari bilan tanishgandi.
LiveBarchasi