Qorabog‘da yana otishma bo‘ldi
Olam
−
23 fevral
5861Qorabog‘dagi shartli chegara punktida Ozarbayjon pozitsiyalari Armaniston tomonidan o‘qqa tutildi. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, bugun, 23 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 05:50 da Armaniston Qurolli kuchlari bo‘linmalari Basarkechar tumanining Yuqori Sho‘rcha aholi punkti yo‘nalishidan Ozarbayjon armiyasining Kalbajar tumani Yellija aholi punkti yo‘nalishidagi pozitsiyalariga o‘t ochgan.
Vazirlikning xabar berishicha, Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari tomonidan vaziyatni keskinlashtirmaslik va ikki davlatning shartli chegarasida barqarorlikni ta’minlash maqsadida hech qanday javob choralari ko‘rilmagan.
"Biz Armaniston harbiy rahbariyatini so‘nggi besh oyda shartli chegara barqarorligini buzish va vaziyatni yana nazoratdan chiqarishga qaratilgan bunday provokatsiyalarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiramiz va bu qilmishlarning aybdorlari aniqlanib, jazolanishini talab qilamiz", deyiladi vazirlik munosabatida.
Armaniston Vazirlar Mahkamasi esa chegara hududida o‘t ochish sodir etmaganliklarini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Fransiyaga amaliy tashrif bilan ketgan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan “France 24” telekanaliga bergan intervyusida Armaniston va Ozarbayjon orasidagi tinchlik hali ham imkonsiz ekanligini qayd etgan edi.
LiveBarchasi