Qorabog‘da tinchlik oyligi: hayot qaytmoqda, kelajak aniq emas

Tahlil

image

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasining bahsli hududlari uchun olib borilgan shiddatli janglarga chek qo‘ygan uch tomonlama bayonot (Rossiya-Armaniston-Ozarbayjon) imzolanganiga roppa-rosa bir oy bo‘ldi. Tomonlarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kelishuvning muhim bandlari bajarilmoqda: mintaqada Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashtirilgan va sulhga to‘liq rioya qilinyapti. Ko‘chirilganlar va qochqinlar o‘z uylariga qaytmoqda.

Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida qariyb 30 yildan buyon Tog‘li Qorabog‘da davom etib kelayotgan qurolli to‘qnashuvlar joriy yilning 27 sentyabrida alanga olib, katta jangga aylandi. Baku va Yerevan harbiy holat e’lon qildi va bir-birini tinch aholiga qarshi hujumlar qilishda aybladi. Avj olgan mojaro qurbonlari ikkala tomonning harbiy xizmatchilari va oddiy fuqarolar edi. 10 noyabrga o‘tar kechasi Tog‘li Qorabog‘ mojarosi tarixida muhim voqea yuz berdi – Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan hamda Ozarbayjon, Rossiya Prezidentlari Ilhom Aliyev va Vladimir Putin o‘rtasida Qorabog‘dagi o‘t ochish va harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Og‘riqli bitim

Ozarbayjon ushbu shartnomani quvonch bilan kutib oldi va hattoki, Bakuda Tog‘li Qorabog‘dagi g‘alabaga bag‘ishlangan harbiy parad o‘tkazishga qaror qildi. Rasmiylar tomonidan rejalashtirilganidek, parad ertaga, 10 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda 3 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, 150 ga yaqin harbiy texnika namoyish etiladi. Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasidagi olti haftalik qurolli to‘qnashuvda Ozarbayjonni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagan Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham faxriy mehmon sifatida paradga ishtirok etadi. 

O‘z navbatida, Armanistonda shartnomani nishonlash uchun maxsus sabablar yo‘q edi. Mamlakat xalqi, siyosiy elitasi va hatto, muxolifati Pashinyanning Qorabog‘ bo‘yicha uch tomonlama bayonotni imzolashini taslim bo‘lish va davlatga xiyonat sifatida baholamoqda. Endilikda Armaniston xalqi faol raqishda uni iste’foga chiqishga undamoqda. Yerevanda bir necha hafta davomida norozilik namoyishlari bilan birga ommaviy hibsga olishlar ham tinmayapti. Kecha, 8 dekabr kuni Armanistondagi muxolif “Dashnaksutyun” partiyasi Pashinyanga qo‘yilgan ultimatum muddati tugaganini e’lon qildi va tarafdorlarini butun mamlakat bo‘ylab itoatsizlik harakatlarini boshlashga chaqirdi. Bosh vazirning o‘z lavozimidan ketishini talab qilish barcha armanlarning katolikosi Garegin II tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.

O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitim tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasida noaniqlik bilan qabul qilindi. Bir tomondan, uning aholisi qon to‘kilishining tugashi hamda mintaqadagi tinchlik va barqarorlikni saqlash kafolati sifatida Rossiya tinchlikparvar kuchlarining jalb qilinishini ijobiy baholadi. Boshqa tomondan, uch tomonlama shartnomaning imzolanishi keyinchalik Ozarbayjon nazorati ostiga o‘tgan hududlar – Ag‘dam, Kelbajar va Lochin aholisini qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Stepanakertga har kuni yuzlab qochqinlar bo‘lgan avtobuslar keladi.

Urushdan keyingi hayot

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rahbariyati bugungi kunda qochqinlar muammosi qanchalik dolzarbligini yaxshi biladi. Respublika MXX rahbarining maslahatchisi Devid Babayanning aytishicha, urushdan so‘ng taxminan 30-40 ming kishi qochqin maqomida bo‘lgan. Biroq, u ishontirib aytadiki, optimizm uchun asos bor: Stepanakertga qaytganlarning yarmidan ko‘pi boshpanaga ega bo‘lgan. Bu shaharning muhim qismi vayron etilganiga qaramay (turli manbalarga ko‘ra, urush paytida bu yerda uy-joylar yarmigacha vayron qilingan), erishilgan yutuqdir. Uy-joylarni tiklash qimmatga tushadi va bu masalada Qorabog‘ rahbariyati, asosan Rossiyaning yordamiga ishonadi.

Stepanakert infratuzilmasi ham bundan kam zarar ko‘rmagan. Ba’zi hududlarda hali ham elektr yo‘q, boshqalarida gaz, suv ta’minoti va issiq suv muammo. Shahar bo‘ylab hali ham bir nechta bankomatlar ishlamaydi. Aksariyat do‘kon, kafe va restoranlar yopiq. Shaharning asosiy bozorida faqat ayrim do‘konlar ishlamoqda. Aloqa vositalarining deyarli to‘liq yetishmasligi ham jiddiy muammo hisoblanadi: mahalliy SIM-kartalar aholining ozgina qismiga beriladi, xolos. Ammo shaharlararo qo‘ng‘iroq qilish yoki mobil internetdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Urush tugaganidan bir oy o‘tgach, Tog‘li Qorabog‘ poytaxti yaqinda sodir bo‘lgan harbiy harakatlar davridan ko‘ra sezilarli darajada jonlanganini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Mojaro boshlanganidan beri ko‘cha-ko‘yda ko‘chirilgan odamlar, shu jumladan bolali oilalar uchramoqda. Yo‘llarda tobora ko‘proq avtoulovlar paydo bo‘lgan. Do‘konlardagi mahsulotlar turi asta-sekin kengayib bormoqda. Rastalar hali juda ko‘p emas, ammo zarur mahsulotlar – suv, shakar, don, sariyog‘ va konservalar mavjud.  Ba’zi joylarda alkogol va tamaki mahsulotlari sotuvga chiqarilgan va chet ellik jurnalistlar kelishi bilan Stepanakertda barbekyu do‘konlari ko‘paya boshlagan.

Revansh bo‘lmaydi

Tog‘li Qorabog‘da hozirgi holatda qancha vaqtgacha tinchlik saqlanib qolishi hali aniq emas. Mutaxassislar orasida yana bir masala bo‘yicha tortishuvlar davom etmoqda: kelajakda mintaqaning Armaniston tomonidan nazorat qilinadigan qismida holat qanday bo‘ladi va u yerda yashaydigan armanlarning taqdiri qanday kechadi? Rossiya Fanlar Akademiyasining E.M.Primakov nomli Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot instituti Kavkaz sektorining yetakchi tadqiqotchisi Vadim Muxanovning ta’kidlashicha, Tog‘li Qorabog‘ kelishuvining ushbu jihatlari uchala davlat rahbarlarining bayonotida batafsil yozilmagan. Tahlilchining fikriga ko‘ra, bitimdan alohida boshqa maqsadlar ko‘zlangan.

“Sentyabr-noyabr oylarida yashash joylarini tark etgan aholi qisman dilemma bilan duch kelmoqda: ularga qaytish kerakmi yoki yo‘q? Bu masala hali hal qilinmagan, chunki Armaniston aholisi qaytib kelgan taqdirda ham hozirgi aloqa liniyasining 100 foiz xavfsiz bo‘lishiga kafolat yo‘q”, deydi Muxanov.

Ushbu hududlarning kelgusidagi maqomiga kelsak, ekspert bu masala noma’lum vaqtga qadar tang holatda qolishi haqida fikr bildirdi. Agar Baku mintaqadagi o‘z hududiy da’volarini himoya qilishni davom ettirsa va Qorabog‘ning qolgan qismini bo‘ysundirishga harakat qilsa, bu qochqinlarning ommaviy ko‘chishi, oqibatda gumanitar falokatni keltirib chiqarishi mumkin. Voqealarning bunday rivojlanishiga xalqaro hamjamiyatning munosabati keskin bo‘ladi va bunday ssenariy Qorabog‘ning maqomini muhokama qilishda, albatta, inobatga olinadi.

“Qorabog‘dagi mag‘lubiyat bilan birgalikda Armaniston kuchli ichki siyosiy inqirozni boshdan kechirdi, shuning uchun Yerevandagi elita birinchi navbatda ushbu inqirozni hal qilish bilan shug‘ullanadi, so‘ngra ular Qorabog‘ masalasini muhokama qiladilar. Endi Nikol Pashinyan va uning jamoasi uchun ustuvor maqsad hokimiyatda qolishdir”, deydi Muxanov.

Yaqin vaqt ichida Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida harbiy harakatlarning tiklanishi ehtimoldan yiroq. Ozarbayjon uch tomonlama shartnoma asosida olganlaridan qoniqadi va yaqin kelajakda Baku ushbu yangi hududlarni rivojlantirishga e’tibor qaratadi. O‘z navbatida, Armanistonda qasos olish umidida qo‘shni davlat bilan qurolli to‘qnashuvni qayta boshlash uchun yetarli resurslar mavjud emas.


Maqola muallifi

Teglar

Tog'li Qorabog' Qorabog' bitimi

Baholaganlar

118

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing