“Qora shahzoda” BMTni Yaqin Sharqdagi mojaroni to‘xtata olmaganlikda aybladi
Olam
−
11 noyabr 2023
9871Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud BMT Xavfsizlik kengashini G‘azo sektoridagi jangovar harakatlarni to‘xtatish uchun Isroilga ta’sir o‘tkaza olmaganlikda aybladi. U, shuningdek, G‘azo sektoridagi janglarni to‘xtatish va HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 11 noyabr kuni Ar-Riyodda Arab Davlatlari Ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining navbatdan tashqari qo‘shma sammiti ochilishida so‘z ochdi.
“Biz gumanitar falokatga duch keldik, bu BMT Xavfsizlik Kengashi va xalqaro hamjamiyat Isroil jinoyatlariga chek qo‘ya olmaganidan dalolat beradi, bu ikki tomonlama standartlar siyosatining namoyonidir. Biz yana Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlarini zudlik bilan to‘xtatishni talab qilamiz va asirga olinganlarni ozod qilishga chaqiramiz”, degan valiahd shahzoda.
Shuningdek, Muhammad bin Salmon Saudiya Arabistoni xalqaro hamkorlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazayotganini, uning maqsadi anklavdagi janglarni tugatish ekanini ta’kidlagan.
"Qirollik G‘azodagi voqealar boshlanganidan beri tinimsiz sa’y-harakatlarni amalga oshirdi va urushni to‘xtatish uchun xalqaro hamjamiyat bilan maslahatlashuvlar va muvofiqlashtirishni davom ettirmoqda", deydi u.
Bundan tashqari, Muhammad bin Salmon Yaqin Sharqdagi mojaroni to‘xtatishning yagona yo‘li falastinliklarning poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan o‘z mustaqil davlatiga ega bo‘lish huquqini ta’minlash ekanligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni poytaxtida Falastin iltimosiga binoan chaqirilgan Arab Ligasi va IHTning navbatdan tashqari qo‘shma sammiti ochilgan. Sammit Yaqin Sharqdagi mojaroning hozirgi avj olishi bo‘yicha arab va Islom davlatlarining jamoaviy pozitsiyasini ishlab chiqish maqsadida ish boshladi.
LiveBarchasi