Qora kursidagi Tashiyev jamoatchilik oldida ko‘rinish berdi (video)
Olam
−
09 iyun 13125 4 daqiqa
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining (MXDQ) sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev lavozimidan ketganidan so‘ng yana bor jamoatchilik oldida ko‘rinish berdi. U uy-joyga muhtoj bo‘lgan oilaga yangi xonadon kalitlarini topshirish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbir davomida Qamchibek Tashiyev yangi uy kalitlarini egalariga shaxsan topshirgan va oilaga farovonlik tilagan.
“Har bir inson o‘z uyiga ega bo‘lishi kerak. Prezident Sadir Japarov fuqarolarning uy-joy muammolarini hal etishga qaratilgan siyosat olib bormoqda. O‘sh va Qorasuv shaharlarida ipoteka uylari qanday ochilganini o‘zingiz ko‘rdingiz. Minglab oilalar o‘z uy-joyiga ega bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Har bir muhtoj oilaning boshi ustida boshpanasi bo‘lishi lozim”, deydi u.
Tadbir ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, uy qurilishi og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilaga xayriya yordami sifatida tashkil etilgan.
Qayd etish joiz, Qamchibek Tashiyevning ushbu marosimda ishtirok etishi uning MXDQ raisi lavozimidan iste’foga chiqqanidan keyingi ilk ommaviy chiqishi bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jogorku Keneshning sobiq to‘rag‘asi Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li “75 lar xati” deb ataluvchi ishda figurant sifatida ishtirok etayotgani, u bilan birga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari va Vazirlar Mahkamasi raisining sobiq o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev, sobiq bosh prokuror Qurmanqul Zulushev hamda bir qator siyosatchi va jamoat arboblari ham shu ishga aloqador ekani haqida xabar berilgan edi.
Tashiyev iste’fosi
Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.
Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi.
2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.
Japarov va Tashiyev tandemi
Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.
Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.
2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.
Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.
So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi