Qora dengizdagi nizo: Rossiya Britaniya harbiy kemasiga ogohlantiruvchi o‘q uzganiga dalil keltirdi (video)
Olam
−
25 iyun 2021
24451Rossiya Fedaral xavfsizlik xizmati (FXX) Qora dengizda Britaniyaning “Defender” harbiy kemasi bilan sodir bo‘lgan voqea videosini tarqatdi: ingliz kemasi Rossiya davlat chegarasini kesib o‘tgan, uning yo‘nalishi bo‘yicha ogohlantiruvchi o‘q uzilgan.
“Ogohlantiruvchi o‘qni uzing. Mo‘ljalga tegmasin”, deydi chegara xizmati xodimi videoda. Shundan so‘ng, rus kemasining tumshug‘ida joylashgan to‘pdan ogohlantiruvchi o‘q otilgani videoda aks etgan.
Bungacha Rossiya dengiz qo‘shinlari Britaniya harbiy kemasi davlat chegarasini buzganini qayd etgan. FXX taqdim qilgan videoda rossiyalik chegarachilar olti daqiqadan ko‘proq vaqt davomida britaniyaliklarni davlat chegarasini buzilganligi to‘g‘risida ogohlantirgani va kemaning suzish yo‘nalishini o‘zgartirishni talab qilgani aks etgan.
“Britaniya harbiy kemasi, Rossiya Federatsiyasi chegarasidan o‘tmang. Aks holda o‘t ochaman. Yo‘nalishni o‘zgartiring. “Defender”ga (Britaniya harbiy kemasining nomi, ma’nosi “Himoyachi” — tahr.) shikast yetsa, RF bunga javobgar bo‘lmaydi”, deydi FXX xodimi ingliz tilida.
Shuningdek, videoda ingliz harbiy kemasidan kelgan javob ham uzuq-yuluq eshitilgan. Unda britaniyalik dengizchilar ularning vazifasi “tinchlik”, ekanini da’vo qilgan.
Avvalroq Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiya harbiylari Qora dengizda Qrim yarimoroli yaqinida bo‘lgan ingliz harbiy kemasiga ogohlantiruvchi o‘q uzmaganini aytgan edi.
Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning kecha, 24 iyun kuni jurnalistlarga ma’lum qilishicha, inglizlarning “Defender” harbiy kemasi qonuniy ravishda Qrim yarimoroli yaqinidagi xalqaro suvlarda bo‘lgan.
“O‘ylaymanki, kema xalqaro suvlardan to‘liq va oqilona foydalanishi mumkin bo‘lgan. Muhim nuqta shundaki, biz Qrimning Rossiya tomonidan anneksiya qilinishini tan olmaymiz”, deya tushuntirish bergani Britaniya Bosh vaziri.
Qora dengizda ingliz harbiy kemasi bilan sodir bo‘lgan voqea
Joriy yilning 23 iyun kuni Rossiya Mudofaa vazirligi mamlakat harbiylari va chegarachilari Qora dengizning Fiolent rayoni (Qrim) yaqinida Rossiya chegarasini buzgan Britaniyaning “Defender” harbiy kemasi yo‘nalishiga ogohlantiruvchi o‘t ochganini xabar qildi.
“Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasi buzilgan taqdirda qurol ishlatilishi to‘g‘risida harbiy kema avval ogohlantirildi. Biroq ogohlantirishga javob bo‘lmadi”, deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida.
Qayd etilishicha, shundan so‘ng, Rossiyaning chegara qo‘riqlash kemasi Britaniya harbiy kemasi yo‘nalishi bo‘yicha ogohlantiruvchi o‘t ochgan, Su-24M samolyoti esa ogohlantiruvchi bombardimonni amalga oshirgan. Natijada, ingliz kemasi Rossiya Federatsiyasining hududiy suvlarini tark etgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi ingliz harbiy kemasining harakatlarini BMT konvensiyasini qo‘pol ravishda buzish, deb baholagan va Britaniya tomonini ekipaj harakatlarini sinchkovlik bilan tekshirishga chaqirgan.
Buyuk Britaniyaning Moskvadagi elchixonasininig mudofaa bo‘yicha attashesi 23 iyun kuni Rossiya Mudofaa vazirligining Xalqaro harbiy hamkorlik bosh boshqarmasiga chaqirilgan.
“Buyuk Britaniya Qurolli Kuchlari vakiliga shu yilning 23 iyun kuni ingliz harbiy kemasi tomonidan Qora dengizda Rossiya Federatsiyasining davlat chegarasini buzganligi munosabati bilan Rossiya harbiy departamentining pozitsiyasi to‘g‘risida xabar berildi”, deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.
Bundan tashqari, 24 iyun kuni Buyuk Britaniyaning Rossiyadagi elchisi Debora Bronnert Qora dengizdagi voqea munosabati bilan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan.
LiveBarchasi