Qonunchilikda bajarib bo‘lmaydigan normalar ham uchrab turadi – Mirziyoyev

Jamiyat

image

O‘zbekiston qonunchiligida bajarib bo‘lmaydigan yoki bajarish qiyin bo‘lgan normalar ham uchrab turadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

“Ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz, qadimgi Rim huquqida oltin qoidalar bor. Masalan, “hech kimga bajarib bo‘lmaydigan majburiyatni yuklama” yoki “qonun – imkonsiz narsani talab qilmaydi”, kabi qoidalar shular jumlasidandir.

Afsuski, milliy qonunchiligimizda bajarib bo‘lmaydigan yoki bajarish qiyin bo‘lgan normalar ham uchrab turadi. Aslida, qonunlar insonga hech qachon ortiqcha talab qo‘ymasligi kerak”, deydi Mirziyoyev.

Uning qayd etishicha, ortiqcha talab, avvalo, ortiqcha xarajat degani. Qolaversa, bu korrupsiyaga yo‘l ochadi. 

“Mana, bir misol, fuqaroning ipoteka kreditidan 3 million so‘mlik uch oylik qarzi bor. 

Amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, bank qarzdorni sudga beradi. Lekin, bu masalada da’vo arizasi 3 million so‘m, ya’ni real qarz bo‘yicha emas, balki kreditning to‘lanmagan qismiga, deylik, 250 million so‘mga nisbatan beriladi.

Sud arizani ko‘rib chiqib, qarzdordan 10 million so‘mdan ortiq davlat bojini undirish va shartnomani bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qiladi. O‘zingiz o‘ylang, 3 million so‘mni to‘lay olmagan fuqaro 10 million davlat bojini qanday to‘laydi?”, deydi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev bunday mantiqsiz holatlarning oldini olish uchun yangi bir normani Konstitutsiyaga kiritish taklifini bildirdi.

"Ma’muriy, fuqarolik, iqtisodiy, jinoiy javobgarlik va boshqa yo‘nalishdagi ishlarni ko‘rib chiqishda insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari – qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda shaxsga imkon qadar yengillik yaratishi kerak", deydi u.


Maqola muallifi

Teglar

Konstitutsiya

Baholaganlar

273

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing