Qonunchilik palatasi Prezident farmonini bajarmayapti
Jamiyat
−
10 dekabr 2021
8651O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishi belgilangandi.
Ammo parlament quyi palatasi mana ikkinchi marta Prezident farmoni ijrosini ta’minlayapti.
Gap shundaki, bugun, 10 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Biroq majlis jonli efirga uzatilmayapti. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, deputatlar yig‘ilishi dastlab “Uzreport” telekanali orqali jonli efirga uzatildi, ammo ko‘p o‘tmay, butun balandparvoz gaplar aytib bo‘lingach, to‘xtatib qo‘yildi. Qariyb 49 daqiqa davom etgan jonli efirda deputatlar birorta masalani ko‘rmadi.
Qonunchilik palatasi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
Unda bildirilishicha, “Uzreport” telekanali avvaldan rejalashtirilgan Boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatini soat 11:00 dan boshlab efirga uzatish maqsadida Quyi palata majlisini efirga uzatishni to‘xtatgan.
“Parlament quyi palatasi mamlakatimizda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qiladi”, deyiladi quyi palata munosabatida.
Biroq Prezident farmonida qaror ijrosiga Milliy teleradiokompaniyasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mas’ul etib belgilangan. Ya’ni Qonunchilik palatasi majlisi “Uzreport” telekanalida emas, davlat kanallaridan birida efirga uzatilishi kerak.
Bunday holat birinchisi emas. Joriy yilning 7 dekabr kuni parlament quyi palatasida “Hukumat soati” bo‘lib o‘tgandi. U ham jonli efirga uzatilmagandi. Holat e’tirozlarga sabab bo‘lgach, quyi palata matbuot kotibi majlisdagi barcha ma’lumotlar saytda e’lon qilib borilayotganini aytib, qutulgandi.
Ammo farmonda barchasi aniq ko‘rsatilgan va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi uni bajarmayapti.
LiveBarchasi