Qonun va Prezident farmoni buzilgan. Andijondagi “daraxt qirg‘ini” tafsilotlari ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
16 yanvar 2022
9664Avvalroq, kecha, 15 yanvar kuni tunda Andijon viloyati perinatal markazida mamlakatda o‘rnatilgan moratoriyga qaramay, 12 tup daraxt noqonuniy kesib tashlangani haqida xabar bergan edik. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi holat bo‘yicha boshlangan o‘rganishning dastlabki natijalarini e’lon qildi.
Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra, Andijon shahar Perinatal markazi hududida 12 tup “eldor qarag‘ayi” daraxti moratoriy talablariga zid ravishda noqonuniy kesilganligi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 fevraldagi 93-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining ro‘yxati”ga “Eldor qarag‘ayi” (Pinus eldarica) juda chiroyli manzarali daraxt sifatida kiritilgan.
“Mazkur holatda O‘zbekiston Respublikasining “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining 37-moddasi 2-bandi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 2-bandi talablari buzilganligi aniqlandi”, deyiladi xabarda.
O‘rganishlar davomida kesilgan daraxtlarning diametr o‘lchamlari 12 sm dan 40 sm gacha ekanligi, daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish natijasida o‘simlik dunyosiga ko‘p miqdorda zarar yetkazilganligi qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur huquqbuzarlik holati bo‘yicha hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etiladi.
Hozirda holat bo‘yicha Andijon viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi hamda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.