Qonun Konstitutsiyaviy sud raisi haqida nima deydi?
Jamiyat
−
05 Sentabr 2020
9391Ijtimoiy tarmoqlarda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning Konstitutsiyaviy sud raisi Baxtiyor Mirboboyev lavozimini qonunni buzgan holda egallab turgani to‘g‘risidagi maqolasi tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Siyosatshunos o‘z maqolasida 2017 yil 31 maydagi “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 6-moddasini asos qilib, unga ko‘ra Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi 70 yoshni tashkil etsada, Baxtiyor Mirboboyev 75 yoshga to‘lganligini ko‘rsatgan.
Bundan tashqari qonunda ushbu sud raisligiga ikki martadan ortiq saylanish mumkin emasligi belgilangan bo‘lishiga qaramasdan Baxtiyor Mirboboyev 5 marta saylanganligini qonun buzilishi sifatida baholangan.
Ushbu maqolada keltirilgan faktlarga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Polvonov raddiya berdi. U e’tiborni ba’zi jihatlarga qaratgan.
Birinchidan, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 6-moddasida Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi qoida tariqasida yetmish yoshni tashkil etishi belgilangan.
“Oddiy so‘zlar bilan aytganda yetmish yoshgacha bo‘lgan va undan oshgan fuqaro Konstitutsiyaviy sudning sudyasi bo‘lishi mumkin. Qonunlarda “qoida tariqasida” so‘zlarining qo‘llanilishi bu imperativ xarakterga ega emasligini anglatadi va qonunlar matnlarini bayon etishda qo‘llaniladigan qonunchilik texnikasi shakllaridan biridir”, deydi Polvonov.
Ikkinchidan, muqaddam Baxtiyor Mirboboyev konstitutsiyaviy sud tarkibiga oldin amalda bo‘lgan qonun asosida saylangan bo‘lib, unda 5 yillik muddat belgilangan, biroq qayta saylanish miqdori belgilanmagan edi. “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 31-moddasida normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emasligi va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan.
“Shu tariqa “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun 6-moddasining talablari 2017 yil 1 iyundan keyin saylangan Konstitutsiyaviy sud sudyalariga nisbatan tatbiq etiladi. 1995 – 2017 yillar davomida 5 yillik muddatga saylangan Konstitutsiyaviy sud sudyalariga nisbatan 2017 yildagi qonun bilan o‘rnatilgan taqiqlar qo‘llanilishi to‘g‘ri bo‘lmaydi”, deya fikrini izohlagan deputat.
Yangi qonun qabul qilingandan keyin Baxtiyor Mirboboyev Konstitutsiyaviy sud sudyasi etib 2017 yil 24 avgustda saylangan va uning vakolat muddati 2022 yil 24 avgustda tugaydi.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, ushbu muddat tugagandan so‘ng Baxtiyor Mirboboyev ikkinchi besh yillik muddatga Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishiga nisbatan amaldagi qonunda taqiq mavjud emas.
“Shunday qilib, Konstitutsiyaviy sudning amaldagi Raisi qonunga zid ravishda besh marta Konstitutsiyaviy sud sudyasi etib saylanganligi to‘g‘risidagi fikrlar asossiz bo‘lib, qonunga to‘g‘ri kelmaydi”, deydi Polvonov.
Deputatning maqolasida xalqaro tajribadan ham qator misollar keltirilgan. Masalan, Rossiya Federatsiyasida Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolat muddati cheklanmagan, sudyalik lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi esa - yetmish yosh. Biroq, bu talab Konstitutsiyaviy sud raisiga nisbatan tadbiq etilmaydi va amaldagi Konstitutsiyaviy sud raisi Zorkin Valeriy Dmitriyevich bugungi kunda 77 yoshga to‘lgan. Qo‘pchilik sudyalarning yoshi esa 66 yoshdan yuqori.
Shuningdek, Fransiyada Konstitutsiyaviy sud raisi sifatida 74 yoshni qarshilagan Loran Fabius faoliyat yuritib kelmoqda, uning vakolat muddati esa 2025 yilgacha etib belgilangan. Avstriyada sudning barcha a’zolari, jumladan raisi va o‘rinbosari iste’fo yoshiga yetkunga qadar umrbod saylanadilar, Norvegiya va Maltada sud raisi umrbod saylanadi.
Polvonov maqola muallifi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunga sudya birinchi marta besh yillik muddatga, navbatdagi o‘n yillik muddatga va sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda tayinlanishi yoki saylanishi to‘g‘risidagi normalar kiritilganligidan xabardor bo‘lishsa kerak, urg‘ulab o‘tgan.
“Umuman olganda 2017 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun mutlaq yangi va eng demokratik halqaro standartlarga mos keladigan Konstitutsiyaviy sudning shakllanishi va faoliyatining asoslarini belgilab berdi”, degan Shuhrat Polvonov.
Qayd etilishicha, Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakilini qo‘shgan holda saylanadi.
Konstitutsiyaviy sud raisi va uning o‘rinbosari esa Konstitutsiyaviy sud majlisida uning sudyalari orasidan saylanadi. Oddiy qilib aytganda rais kim bo‘lishi sudyalarning o‘zlari tomonidan hal qilinadi.
2017 yildagi islohotlarga qadar Konstitutsiyaviy sud raisining nomzodi Prezident tomonidan taqdim etilar edi.
“Yuqoridagilar bilan bir qatorda, Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari yanada kengaytirilgan, shuningdek mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati ustidan nazorat olib borishi uchun bir qator demokratik mexanizmlar joriy etilgan”, deya so‘zini yakunlagan deputat Shuhrat Polvonov.
Ma’lumot uchun, siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning iddaolariga hozirgacha Konstitutsiyaviy sudning o‘zi hech qanday tepki bermadi.
LiveBarchasi