Qoni buzilgan qirolning sog‘lig‘i yomonlashdi
Olam
−
19:12 2316 2 daqiqa
Shifoxonada davolanayotgan Norvegiya qiroli Xarald V’ning sog‘lig‘i yomonlashdi. 89 yoshli monarx qon kasalligi va qondagi bakterial infeksiya sababli davolanmoqda. Bu haqda DW xabar berdi.
Qirollik saroyining ma’lum qilishicha, Xaraldning ahvoli kecha, 23 avgust kuni yomonlashgan. U qondagi bakterial infeksiyaga qarshi antibiotiklar qabul qilmoqda va davolashga ijobiy javob bergan. Shunga qaramay, shifokorlar nazorati ostida qolmoqda. Xarald gemolitik anemiyadan davolanmoqda. Mazkur kasallikda qizil qon tanachalari tez parchalanishi natijasida charchoq, holsizlik va nafas qisishi kabi belgilar kuzatilishi mumkin.
Qirol bugun, 24 avgust kuni Oslo universitet shifoxonasiga kortizon bilan davolanish oqibatida organizmda suyuqlik to‘planishi sababli yotqizilgan. U ikki hafta muddatga mehnat ta’tiliga chiqqan. Shuningdek, Xaraldning 1-2 sentyabr kunlari Tryondelag hududiga rejalashtirilgan tashrifi ham bekor qilingan.
Qirolning oila a’zolari, jumladan, rafiqasi qirolicha Sonya, valiahd shahzoda Xokon va uning rafiqasi Mette-Marit uni shifoxonaga yo‘qlab borgan. Xarald davolanayotgan paytda uning o‘g‘li Xokon regent vazifasini bajarmoqda.
Xarald V 1991 yilda taxtga chiqqan va hozirda Yevropada hukmronlik qilayotgan eng keksa monarx hisoblanadi. U so‘nggi yillarda bir qator sog‘liq muammolariga duch kelgan, jumladan, unga kardiostimulyator o‘rnatilgan.
Joriy yil fevral oyida ham qirol Tenerife orolida rafiqasi bilan shaxsiy safarda bo‘lgan vaqtida infeksiya va suvsizlanish sababli shifoxonaga yotqizilgan. Shunga qaramay, Xarald taxtdan voz kechish niyati yo‘qligini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, u parlament oldida umrbod xizmat qilish haqida qasamyod qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiya qiroli Xarald V tanasida suyuqlik to‘planishi sababli shifoxonaga yotqizilgani va 2 hafta muddatga kasallik ta’tiliga chiqqanini xabar berilgan edi.
Live
Barchasi