Qirol Xarald vafot etdi

Olam

image

Bugun, 28 avgust kuni Yevropaning amaldagi eng keksa monarxi – Norvegiya qiroli Xarald V 89 yoshida vafot etdi. Bu haqda mamlakat qirollik saroyi xabar berdi. 

“Juda katta qayg‘u bilan A’lo Hazratlari qirol Xaraldning vafotini ma’lum qilamiz. Qirol Xarald juma, 28 avgust kuni ertalab soat 6:35 da Oslodagi Riksxospitalet universitet shifoxonasida tinch olamdan o‘tdi”, deyiladi saroy xabarida.

Ma’lumot uchun, Xarald 1937 yilda Oslo yaqinidagi Askerda tavallud topgan bo‘lib, 1370 yilgi qirol Olaf IV dan keyin mamlakatda tug‘ilgan birinchi norveg shahzodasi bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi paytida Xaraldning oilasi okkupatsiyadan avval Shvetsiyaga, so‘ng kemada AQSHga qochgan, Xaraldning otasi va bobosi esa Norvegiya hukumati bilan birga Buyuk Britaniyaga surgun qilingan. Oila urush tugaganidan so‘ng ko‘p o‘tmay, 1945 yil iyun oyida Norvegiyada qayta birlashgan.

1968 yilda Xarald maktabdagi muhabbatiga uylangan – u monarxlar oilasidan bo‘lmagan qizga uylanish huquqi uchun uzoq vaqt kurashgan. Juftlikning ikki farzandi dunyoga kelgan: Haakon va uning opasi Marta Luiza. Xarald 1991 yil 21 yanvarda taxtga o‘tirganida, otasi va bobosining “Barchasi Norvegiya uchun” degan shiorini qabul qilgan. Keyingi bir necha yilni u monarxiyani modernizatsiya qilishga bag‘ishlagan.

Xarald yelkanli sportni yaxshi ko‘rgan va hatto bir nechta Olimpiya o‘yinlarida Norvegiya sharafini himoya qilgan, 1987 yilda esa o‘z yaxtasini boshqarib, jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan.

“Butun millat qayg‘uda va Norvegiya xalqi Norvegiyaga xizmat qilish bilan o‘tgan uzoq umr uchun chuqur minnatdorlik bildirmoqda. Uch dekadadan ortiq vaqt davomida monarx sifatida Xarald V norveg xalqiga bo‘lgan bukilmas ishonchini namoyish etdi. U o‘zimizdagi va bir-birimizdagi eng yaxshi jihatlarni ko‘rishimizga yordam berdi”, deyiladi Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styorening bayonotida.

Xokon so‘nggi yillarda otasining salomatligi yomonlashgani sababli bir necha bor mamlakat regenti vazifasini bajargan. Bu rol asosan ramziy xarakterga ega, chunki hokimiyat saylanadigan parlamentga tegishli. Xokon Berklidagi Kaliforniya universitetida siyosatshunoslik bo‘yicha bakalavr darajasini va London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabida xalqaro savdo va Afrika bo‘yicha ixtisoslashgan holda rivojlanish tadqiqotlari sohasida magistr darajasini olgan. 1995 yilda u Qirollik Norvegiya harbiy-dengiz akademiyasini tamomlagan, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligida diplomatlar uchun amaliyot o‘tagan.

2001 yilda u Mette-Maritga uylangan. Ularning ikki farzandi bor. Bundan tashqari, Mette-Maritning avvalgi munosabatlaridan Marius Borg Hyoybyu ismli o‘g‘li bor. Iyun oyida sud uni to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etgan. Hyoybyu unga qo‘yilgan to‘rtta zo‘rlash ayblovining ikkitasida aybdor deb topilgan. Zo‘rlashlardan tashqari, ayblov hukmiga sobiq ma’shuqalaridan biriga nisbatan bir necha bor zo‘ravonlik qilish, po‘pisalar, giyohvand moddalar va yo‘l harakatiga oid jinoyatlar ham kiritilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing