“Men uni sog‘inaman”. Norvegiya yangi qirolining ritorikasi odamlarni yig‘latdi

Olam

image

Norvegiya qiroli Haakon VIII 28 avgust kuni taxtga kelganidan keyin xalqqa qilgan ilk murojaatida marhum otasi Xaraldni iliq so‘zlar bilan yodga oldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, qirol Haakon VIII otasi Xaraldni “juda yaxshi ota” bo‘lgani uchun minnatdorlik bilan eslab, uning kulgisi va odamlar bilan samimiy munosabatini sog‘inishini aytgan. Murojaat davomida u beva qolgan onasi qirolicha Sonyani tilga olganida ovozida hayajon sezilgan.

Qora kostyum, oq ko‘ylak va qora galstukda chiqish qilgan Haakonning saroyda yozib olingan telemurojaatida otasini oilaparvar inson sifatida ta’riflagan.

“Aziz otam, Marta va men uchun shunday yaxshi ota bo‘lganingiz uchun rahmat”, degan u singlisi, malika Marta Luizani nazarda tutib.

“Men uni sog‘inaman. Uning kulgisini sog‘inaman. Odamlar va turli vaziyatlarga xayrxohlik bilan munosabatda bo‘lishini sog‘inaman”, degan Haakon.

U shuningdek, kecha, 29 avgust kuni Xarald va qirolicha Sonyaning turmush qurganiga 58 yil to‘lishi kerak bo‘lganini ta’kidlagan.

“To‘y yilligingiz bilan tabriklayman, aziz onajon”, degan Haakon. Bu so‘zlarni aytganida uning ovozida qisqa muddat hayajon sezilgan.
 

“Biz yagona xalqmiz”

Bildirilishicha, Haakon otasi kabi o‘z faoliyatini o‘z uslubida olib borishini ta’kidlagan. Shuningdek, u konstitutsiyaviy monarxiya tamoyillariga sodiqligini bildirgan.

Ma’lum qilinishicha, qirol 1 sentyabr kuni parlamentda mamlakat Konstitutsiyasi va qonunlarini himoya qilishga qasamyod qiladi.

“Biz o‘zimizni o‘zimiz boshqarish tizimimizga va demokratiyaga ishonamiz. Biz qonun ustuvorligiga asoslangan jamiyatga, unda har bir inson teng qadr-qimmatga ega ekaniga ishonamiz”, degan Haakon.

Norvegiya konstitutsiyaviy monarxiya bo‘lgani sababli Haakon otasi vafot etishi bilan avtomatik ravishda qirolga aylangan. Qayd etilishicha, mamlakatda toj kiydirish marosimi o‘tkazilmaydi, chunki bu an’ana 1908 yilda parlament tomonidan bekor qilingan.

“Biz har bir inson uchun joy bor Norvegiyaga ishonamiz. Biz jamiyatimizning kuchini his qilamiz va qalbimizda yagona xalq ekanimizni bilamiz”, degan qirol.

Murojaat yakunida saroy tashqarida marhum qirol bilan xayrlashish uchun yig‘ilgan odamlar telefonlari orqali nutqni tomosha qilib, o‘z-o‘zidan qarsak chalishgan.

Bosh vazir Yonas Gar Store ham Haakon otasining ko‘plab fazilatlarini o‘zida mujassam etganini aytgan.

“Bu qirol otasidan odamlar o‘rtasida birdamlik muhitini yaratish qobiliyatini olgan”, degan u saroy tashqarisida “Reuters” agentligiga bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 avgust kuni Yevropaning amaldagi eng keksa monarxi – Norvegiya qiroli Xarald V 89 yoshida vafot etgandi. Xarald vafotidan buyon o‘n minglab odamlar marhum qirol bilan xayrlashish uchun qirollik saroyiga tashrif buyurmoqda. Uning jasadi saroyda xalq bilan vidolashish uchun qo‘yilgan.

Mamlakat bo‘ylab bayroqlar yarim tushirilgan. Marhum qirolning tantanali libosdagi suratlari avtobus bekatlari, tramvay va metro stansiyalari, do‘konlar, idoralar hamda jamoat binolarida namoyish etilmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing