Qoni 2,4 mln chaqaloqni saqlab qolgan donor vafot etdi
Olam
−
03 mart
7775Plazmasi 2 milliondan ortiq chaqaloqning hayotini saqlab qolgan dunyodagi eng serhosil qon donorlaridan biri Jeyms Harrison vafot etdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jeyms Harrison Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtatidagi qariyalar uyida olamdan o‘tgan. U 88 yoshda bo‘lgan.
“Avstraliyada uni “oltin qo‘lli inson” deb atashadi. Harrisonning qonida noyob anti-D antitanachasi mavjud bo‘lib, u homilador ayollarga ularning qoni hali tug‘ilmagan chaqaloqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hollarda beriladigan dorilarni tayyorlashda qo‘llanadi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, u 18 yoshida qon plazmasini topshirishni boshlagan va 81 yoshga to‘lgunga qadar buni har ikki haftada davom ettirgan.
2005 yilda u eng ko‘p qon plazmasi topshirish bo‘yicha jahon rekordini qo‘lga kiritgan.
Uning qizi nashrga bergan intervyusida otasi “hech qanday kasal bo‘lmagani va ko‘plab odamlarga qon ulashgani” haqida gapirgan.
Ma’lumot uchun, anti-D tug‘ilmagan chaqaloqlarni homila va yangi tug‘ilgan chaqaloqning gemolitik kasalligi yoki HDFN deb ataladigan halokatli qon kasalligidan himoya qiladi.
Bu holat homiladorlik paytida, onaning qizil qon tanachalari o‘sayotgan chaqaloqning qizil qon tanachalari bilan mos kelmasa paydo bo‘ladi.
Keyin onaning immun tizimi chaqaloqning qon hujayralarini tahdid sifatida ko‘radi va ularga hujum qilish uchun antikorlar ishlab chiqaradi. Bu chaqaloqqa jiddiy zarar yetkazishi, og‘ir anemiya, yurak yetishmovchiligi yoki hatto o‘limga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga shahar yo‘lovchilar transportidan (bundan yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilar mustasno) bepul foydalanish huquqi berilishi haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi