Qoidabuzar Asadbek Jumayev qamoqda qanday sharoitda saqlanayotgani aytildi
3-sahifa
−
28 fevral 15158 2 daqiqa
Avvalroq, Toshkent shahrida avtomobillarni “tyuning” qilish bilan shug‘ullanuvchi avtoservisi rahbari, bloger Asadbek Jumayev qoidabuzarligidan faxrlanishini aytib chiqqan edi. U sud qarori bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosini o‘tashni boshladi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Sud qaroriga ko‘ra, “maqtanchoq bloger” 10 sutka ma’muriy javobgarlikka tortilib, ma’muriy qamoq jazosini o‘tamoqda.

“Maxsus signal vositalaridan ruxsatsiz foydalanish nafaqat qonunbuzarlik, balki yo‘l harakati xavfsizligiga jiddiy tahdid ham tug‘diradi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Asadbek Jumayev ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan intervyusida yanvar oyidagi holatda kichik jarima bilan qutilib qolganini va inspektorga nisbatan qilgan ishidan 2-3 yildan keyin ham faxrlanishini aytgan.
Uning ushbu gaplari jamoatchilikni keskin e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Shundan so‘ng, ushbu holat bo‘yicha, Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga protest kiritilgan.
Keyin 27 fevral kuni Ichki ishlar vazirligi bergan xabarda Asadbek Jumayev qilgan ishi uchun uzr so‘rab chiqqanligi e’lon qilingan.
Kecha, 27 fevral Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida Jumayevga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining jarima solish haqidagi qarori bekor qilingan.
Toshkent shahar sudining qaroriga muvofiq A. Jumayevga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195-2-moddasi (huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish) bilan 10 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.