Qodirovning o‘rniga Kreml kimni tayyorlayapti?
Olam
−
18 Sentabr 2023
26644Ukraina Bosh razvedka boshqarmasining xabar berishicha, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov surunkali kasalliklarining kuchayishi tufayli hozirda og‘ir ahvolda. Jurnalist Muhammad Toriyev “Freedom” nashriga bergan intervyusida Qodirovdan keyin uning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan nomzodlarni ma’lum qildi.
“Kreml Ramzan Qodirovning o‘rnini kim egallashini hal qilmagunicha, chechenlar yetakchisi komada qoladi. Checheniston rahbarining Moskvada davolanayotgani, ahvoli og‘irligi tasdiqlangan taqdirda ham, Kreml buni oshkor qilishni istamasligi mumkin”, deydi jurnalist.
Shuningdek, jurnalist Qodirovning o‘rniga egallashi mumkin bo‘lgan uch nafar nomzodni ham sanab o‘tgan.
“Umuman olganda bir-biridan yomonroq faqat uchta nomzod bor. Bular Checheniston Davlat Dumasi deputati Adam Delimxanov, chechen parlamenti raisi Muhammad Dovudov hamda Checheniston bosh vazirining xavfsizlik bloki bo‘yicha o‘rinbosari va Axmat otryadining qo‘mondoni Abuzayd Vismurodovlar. Bu asosiy nomzodlar, biroq Kreml qanday “sovg‘a” tayyorlab qo‘yganini oldindan aytish qiyin”, deydi Toriyev.
Uning ta’kidlashicha, Chechenistonda hech kim yangi tayinlangan rahbarga qarshi chiqolmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov brifing chog‘ida jurnalistlarning Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning sog‘lig‘i haqidagi savollariga: “Bizda ma’lumot yo‘q. Kreml uning sog‘lig‘i haqida ma’lumotnoma bermaydi”, deya javob bergan edi.