Qodirovni “katta og‘a”si yana mukofotladi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Checheniston rahbari Ramzan Qodirovni Aleksandr Nevskiy ordeni bilan mukofotladi. Bu haqda Qodirov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, orden Chechenistonning “ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shgan hissasi” va “davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan ulkan vazifalarni samarali hal qilgani uchun” berilgan.

Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Marat Xusnullin Checheniston rahbarini mukofotga tavsiya qilgan. Vladimir Putin tomonidan qabul qilingan farmon hali e’lon qilinganicha yo‘q.

“Shaxsan men mukofotni avans sifatida qabul qilaman va bundan keyin ham Checheniston Respublikasi va buyuk Vatanimiz – Rossiya manfaati yo‘lida fidokorona xizmat qilishga va’da beraman”, deya qo‘shimcha qildi Qodirov.

Avvalroq, Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Aleksandr Nevskiy ordeni bilan mukofotlagani haqida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, Ramzan Qodirov ijtimoiy ahamiyatga ega tadbirlarni tayyorlash va o‘tkazishga qo‘shgan hissasi uchun Rossiya Federatsiyasi Prezidentining faxriy yorlig‘i bilan ham taqdirlangan. 

Ma’lumot uchun, Aleksandr Nevskiy ordeni Rossiya imperiyasi, Sovet Ittifoqi va Rossiya Federatsiyasining mukofotlash tizimlarida (ma’lum o‘zgarishlar bilan) mavjud bo‘lgan yagona mukofotdir. Rossiya imperiyasida 1725-1917 yillarda Avliyo Aleksandr Nevskiy ordeni, SSSRda 1942-1991 yillarda Aleksandr Nevskiy ordeni mavjud edi. 1991 yilda Ittifoq qulagach, Rossiya Prezidenti SSSRdagi mukofotlash tizimini saqlab qolgan.

Aleksandr Nevskiy ordeni bilan davlat xizmatida lavozimlarni egallagan Rossiya Federatsiyasi fuqarolari davlat qurilishida Vatan oldidagi alohida shaxsiy xizmatlari, ko‘p yillik vijdonan xizmati va xizmat vazifalarini bajarishda erishgan yuqori natijalari, Rossiyaning xalqaro nufuzini, mamlakatning mudofaa qobiliyatini va iqtisodiy rivojlanishini mustahkamlashda, fan, ta’lim, madaniyat, san’at, sog‘liqni saqlash va boshqa xizmatlari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi fuqarolari iqtisodiyot, ilmiy-tadqiqot, ijtimoiy-madaniy, ma’rifiy va boshqa ijtimoiy foydali faoliyat turlida yuqori shaxsiy yutuqlari uchun mukofotlanadi.

Aleksandr Nevskiy ordeni bilan harbiy-tibbiyot tashkilotlari harbiy xizmatchilarni sog‘ligini saqlash sohasida erishgan yuksak yutuqlari uchun taqdirlanishi mumkin.

Bundan tashqari, Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taniqli xorijiy siyosiy va jamoat arboblari, xorijiy mamlakatlar ishbilarmon doiralari vakillari Rossiya Federatsiyasi bilan ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘rsatgan xizmatlari uchun mukofotlanishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Ramzan Qodirov Aleksandr Nevskiy ordeni

Baholaganlar

153

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing