Qodirov sog‘lig‘i haqidagi mish-mishlarga izoh berdi

Olam

image

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘z sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi xabarlarni rad etdi va ularni “puch mish-mishlar” deb atadi. Bu haqda u bugun, 27 may kuni o‘zining VKontakte sahifasida video qoldirdi.

Qodirov tomonidan e’lon qilingan videoda u bunday yolg‘on ma’lumotlar tarqatmaslikka va fitna uyushtirmaslikka chaqirgan. Videoda Qodirov tabiatda sayr qilayotgan holatda tasvirlangan.

“Har bir kun – bu Olloh tomonidan ato etilgan bebaho ne’matdir. Vaqtimiz belgilangan va biz uni anglab yashashimiz kerak. Mish-mish tarqatib, fitna solish o‘rniga hayotimizni yaxshilik, samimiyat va shukronalik bilan to‘ldirishimiz zarur”, degan Checheniston rahbari.

So‘nggi kunlarda internetda Qodirovning sog‘lig‘i bilan bog‘liq turli taxminlar va tasdiqlanmagan xabarlar keng tarqalgan edi. Ushbu videomurojaat shu mish-mishlarga javoban e’lon qilingan.

Ma’lumot uchun, Ramzan Qodirov 2007 yil 5 aprelda Checheniston rahbari lavozimini egallagan bo‘lib, Rossiyadagi amaldagi mintaqa rahbarlari orasida eng uzoq ishlayotgan siyosatchi hisoblanadi. U so‘nggi marta 2021 yilning sentyabr oyida qayta saylangan. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Qodirov saylovda 99,7 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan, saylovdagi ishtirok darajasi esa 94,42 foizni tashkil qilgan. Uning hozirgi vakolat muddati 2026 yilgacha amal qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining Shimoliy Kavkazga ixtisoslashgan sobiq xodimi “Vajniye istorii” nashriga bergan intervyusida so‘nggi oylarda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘rtasidagi munosabatlar buzilgani haqida aytgandi. Shu mish-mishlar fonida Qodirov Checheniston rahbarligi lavozimidan ketish uchun ruxsat so‘rab chiqqandi, ammo ba’zi bir manbalar Putin Qodirovning iste’fosiga ruxsat bermagani haqida yozdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ramzan Qodirov Checheniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing