Qodirov Rossiya boshqa mamlakatlarga ham urush ochishi mumkinligini aytdi
Olam
−
17 avgust 2023 20114 2 daqiqa
Avvalroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning 15 yoshli o‘g‘li Adam Qodirov Qur’onni yoqib yuborgani uchun hibsga olingan 19 yoshli Nikita Juravelni tergov izolyatorida kaltaklagani haqida xabar berilgan edi. Ramzan Qodirov mazkur holat yuzasidan bilvosita munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, Ukraina bilan urushdan keyin Rossiya Islom dinining muqaddas kitobi, Qur’on haqoratlangan davlatlarga hujum boshlaydi.
“Yevropaning aksar davlatlarini insoniy tuyg‘uga ega bo‘lmaganlar boshqaradi. Urushda 100 foiz g‘alaba qozonishimizga ishonamiz, Ukrainadan keyin biz Qur’onni haqoratlagan davlatlarga boramiz. Agar ularda imonli odamlar bo‘lmasa, bizda borligini anglashlari kerak”, deydi u.
Checheniston rahbarining tegishli bayonoti aks etgan videoda tergov izolyatorida Nikita Juravelni kaltaklagan Adam Qodirov, shuningdek, avvalroq Juravel “Chechenistonda jazo topadi” deb va’da bergan Checheniston matbuot vaziri Ahmad Dudayev ham ko‘rinish bergan.
Aytish joiz, joriy yilning 22 may kuni Volgograd sudi 19 yoshli Nikita Juravelni Islom dinining muqaddas kitobini yoqib yuborganlikda ayblab, ikki oyga hibsga olgan. Shundan so‘ng RIA Novosti e’lon qilgan tegishli videoda Volgograd fuqarosi dunyo musulmonlaridan uzr so‘ragan va Qur’onni yoqish “juda yomon ish” ekanini aytgan.
Keyinchalik ishi Chechenistonga o‘tkazilgan va Grozniyga olib ketilgan Juravel izolyatorda uni Adam Qodirov kaltaklaganini aytib, Rossiyadagi inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) Tatyana Moskalkovaga murojaat yo‘llagan edi. Unda Juravel Chechenistondagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil Mansur Soltayevdan o‘z vakolatlari doirasida ushbu ish bo‘yicha tergov o‘tkazishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda Daniya va Shvetsiyada Qur’on yoqib yuborilgani dunyo bo‘ylab katta muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Live
Barchasi