Qodirov kambag‘allar ustidan kulyaptimi? “Milliy tiklanish” raisi yana yoqimsiz iddao bilan chiqdi
Jamiyat
−
22 iyul 2023
59996Harakati yo‘q, ilmi yo‘q, hunari yo‘q odam kambag‘al bo‘ladi. Bu fikrni bugun, 22 iyul kuni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov Telegram’dagi kanalida yozib qoldirdi.
Uning qayd etishicha, u o‘zini O‘zbekistonda kambag‘allik yo‘q deb uzoq yillar davomida aldab kelgan.
“7 yil avval, xalqaro mezonlarga ko‘ra O‘zbekistonda 34 foiz aholi kambag‘al edi, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 14 foizgacha qisqaribdi”, deydi Qodirov g‘ururlanib.
U kambag‘allik – mag‘lubiyatga rozilik, deb o‘ylashini aytgan.
“Kim kambag‘al bo‘ladi? Birinchi navbatda harakati yo‘q, ilmi yo‘q, hunari yo‘q odam kambag‘al bo‘ladi! Kimdir hayoti davomida imkoniyat izlasa, kimdir aybdor izlaydi”, deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari.
Unga ko‘ra, davlat qancha harakat qilmasin, mag‘lublar kambag‘al bo‘lib qolaveradi.
Qodirovning nima uchun tuyqusdan bu masalani ko‘tarib qolgani hozircha mavhum. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda unga nisbatan e’tirozlar yangray boshladi.
Facebook foydalanuvchisi Xolida Abdusalomovna Qodirovning tarixiy va olamshumul fikrlariga quyidagicha izoh qoldirgan:
“Alisher Qodirov fikringiz noto‘g‘ri. Kambag‘allar ichida ish topolmagan, nogiron, oilasidan ajralgan, ya’ni vafot etganlar, ota-onasi tashlab ketgan va qari bobosi bilan yoki momosi bilan yashayotganlar bor. Men ham o‘qituvchilik qildim, ham paxta terdim, chopiq qildim, ammo nega boyib ketmadim?! Endi sog‘ligimni yo‘qotdim. Meni sharoitmni bilasiz, esingizdan chiqmagan bo‘lsa kerak?! Men o‘qituvchilikni tanlaganim xatoimmi? Vaqtida yaxshi ishladim, olganim maqtov yorlig‘i. Kimdir kambag‘allikga o‘zing aybdorsan deyishdan oldin atrofga boqib o‘ylab ko‘rsin. Rabindranat Tagorni ko‘p o‘qiganman...”
Yana bir tarmoq faoli Abror Usarov Qodirov aytayotgan kambag‘allik amalda emas, qog‘ozda qisqargani, aksincha, chekka hududlarda kambag‘allar ko‘payganini aytib, izoh qoldirdi:
“Afsuski, hamma kambag‘alllik qog‘ozda qisqardi! Shaxsan o‘zim bilgan qishloqlarda 20-30 foiz oila kambag‘al bo‘ldi – asosiy sabab bir necha yil avval ular uchun oziq-ovqat olish muammo emasdi – hozir o‘sha oilalar kunlik oziq-ovqat uchun ishlashmoqda!
Un sotib ololmayotgan oilalar soni oshdi! Magazindan hamir qilib, non yopish uchun kilolab un sotib oladiganlar ko‘paydi. Qiziqqanlar uchun shaxsan olib borib ko‘rsatishim mumkin”.
Eslatib o‘tamiz, bu Qodirov bilan bog‘liq birinchi bunday holat emas. U 2021 yil prezident saylovidan oldin o‘tkazgan uchrashuvlarida xorijda yurgan migrantlar ham daromadidan soliq to‘lashi kerakligini aytib, obro‘siga anchayin putur yetkazgan edi.
LiveBarchasi