Qodirov deputatlar OAVni “o‘ldirishi” mumkin bo‘lgan qonunni ma’qullaganiga izoh berdi
Jamiyat
−
30 may 2021
12241Yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun ommaviy axborot vositalarining moliyaviy holatiga jiddiy putur yetkazishi barcha turdagi OAVda xavotir uyg‘otmoqda. Loyiha bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda ma’qullangan. Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov mazkur qonun loyihasi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib, partiyada ham loyihaga e’tirozlar borligini ta’kidladi.
“Bu qonunga “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi ham qator takliflar tayyorlamoqda. Amaldagi tahrirga bizning ham e’tirozlarimiz bor.
Qisqagina tushuntirish... Qonun uch o‘qishda qabul qilinadi.
Birinchi o‘qishda “shu qonun kerakmi, yo‘qmi” degan savol qo‘yiladi. Qonunning moddalari muhokama qilinmaydi. Ko‘rib turganingizdek, barcha fraksiyalar sohada o‘zgarishlar kerak deb hisoblashdi. Demak, sohada o‘zgarishi kerak bo‘lgan masalalar bor”, deydi Qodirov.
U mazkur qonun atrofidagi bahslarga qo‘shilib, deputatlarni mas’uliyatliroq bo‘lishga chaqirayotganlarga ham javob qaytarib, shunday degan:
“Birgina misol, bugun bevosita daromadini beliga tepadigan qonun qabul qilish xavfi tug‘ilganida parlamentni mas’uliyatli ovoz berishga chaqirayotganlar saylovlar vaqtida saylovchilarni mas’uliyat bilan ovoz berishga emas, pampers sotib olishga targ‘ib qilishni ma’qul ko‘rgan edilar. Ular qonunni buzmaganlar, ijtimoiy targ‘ibot uchun belgilangan xajmdan ortig‘ini, hatto biroz arzonroq ham bermadilar, xolos. Ular haq edilar. Muammo qonunda ekanligi ma’lum”.
Qodirovga ko‘ra, partiyalarning ham moliyaviy holati havas qilgulik emas. Ammo bu hech kimni qiziqtirmaydi va sifatli qonunlar qabul qilish talabi o‘zgarishsiz qoladi.
“Partiyalarning moliyaviy baquvvat emasligi, saylovchilarning 5 foiz qismigina partiyalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi, albatta, hech kimni qiziqtirmaydi. Hammani sifatli qonun qiziqtiradi.
Yana bir savol, qonun himoyasida bo‘lgan tadbirkor qadriyatlarga zid tushunchani targ‘ib qilgisi kelib qolsa, nima bo‘ladi? Albatta, buni ochiq amalga oshirish taqiqlangan, lekin bugun jamiyatlarga “yopiq messejlar” ta’sirchanroq bo‘lmoqda”, deydi deputat.
Shu sababli, istisno hollarda, hokimiyat ijtimoiy targ‘ibot xajmini orttirish yoki zarur hollarda reklamani cheklash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerakligi qo‘shimcha qilingan.
Alisher Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi hamma takliflarni muhokama qilishga tayyor, partiya g‘oyalariga zid bo‘lmasa, albatta, bu masalalar muhokamaga qo‘yiladi.
Deputat ishlamaydigan qonunlar qabul qilinayotgani haqidagi fikrlarga izoh berib, qonun ehtiyojdan kelib chiqib ma’qullanishini, uni ishlamayotganligi kerak emasligini emas, ishlatila olmayotganini anglatishini qayd etgan.
“Hokimiyat uchun fuqarolarning xotirjamligi ularni farovonliklaridan kam bo‘lmagan zaruratdir.
Yana bir gap, bir donishmand aytgan ekan: bad duo qilayotganda ehtiyot bo‘ling, ular ijobat bo‘lib qolishi mumkin...”, deya o‘zini yakunlagan Alisher Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur qonun loyihasi yuzasidan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov munosabat bildirib, deputatlarni mas’uliyatli bo‘lishga chaqirgandi. U matbuotni “o‘ldiradigan” qonunlar kerak emasligini ta’kidlab, ba’zi qonunlar hatto ishlamayotganini urg‘ulagandi. So‘zining isboti o‘laroq, personallashtirish to‘g‘risida qabul qilgan qonunni keltirgandi. Bu qonunga ko‘ra, gigant IT-kompaniyalar va ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, Google Facebook, Instagram, TikTok, YouTube va “Yandex dengi” kabi bank to‘lov tizimlari o‘z serverlarini O‘zbekiston xududiga o‘rnatishi kerak, aks xolda jarimaga tortilishi va faoliyati to‘xtatilishi mumkin.
LiveBarchasi