“Shoushenkdan qochish”: o‘zbekistonlik mahkumlar qamoqdan qochadimi?

Jamiyat

O‘zbekiston mahkumlarga qo‘llaydigan usullarning biridan voz kechyapti north_east

O‘zbekiston mahkumlarga qo‘llaydigan usullarning biridan voz kechyapti

Ijtimoiy tarmoqlarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar koloniyadan qochgani yoki qochishga uringani haqidagi xabarlarga tez-tez duch kelamiz. Bu kabi axborotlar O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarining qo‘riqlash tizimi shubha ostida qolishiga ham sabab bo‘ladi. Xo‘sh, bugungacha O‘zbekiston qamoqxonalaridan qancha mahkum qochgan va bu ma’lumotlar jamoatchilikka ochiqlanadimi?

Ayni paytda O‘zbekistondagi qamoqxonalarda 26 mingdan ziyod mahkum saqlanadi. Respublikada mavjud bo‘lgan 54 ta jazoni ijro etish koloniyasidan 18 tasi yopiq turdagi, 25 tasi manzil koloniya va 11 tasi tergov hibsxonalari hisoblanadi.

IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti (JIED) Tarbiyaviy ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Sultonovning QALAMPIR.UZ'ga malum qilishicha, shu vaqtgacha jazo muddatini o‘tayotganlar orasida yopiq turdagi koloniyalardan qochgan mahkumlar bo‘lmagan. Qochishga uringanlarning barchasi manzil koloniyalarida saqlanayotgan mahkumlar hisoblanadi. 

“Birinchi navbatda bir narsani tushuntirish kerak. Jazoni ijro etish muassasalarining o‘zi uchga bo‘linadi: tergov hibsxonasi, umumiy qattiq tartibli koloniya va manzil koloniya. Manzil koloniya bu – ochiq, devori qo‘riqlanmaydigan, oddiy fuqarolar bilan bir qatorda tashkilotlarda ishlash vakolatiga ega bo‘lgan, ta’lim olish uchun ozodlikda harakatlanish huquqi bo‘lgan shaxslar jazoni o‘taydigan joy. 

Bugungacha mahkum qochgani haqidagi xabarlarning aksariyati ommaviy axborot vositalari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Qochishga urinishlar manzil koloniyadagi mahkumlar tomonidan amalga oshirilmoqda. Oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, manzil koloniyadagi mahkumlarning bir oyog‘i ozodlikda. Ular to‘rt devor bilan qo‘riqlanmaydi va mahkumning ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilmagan.

Bugungacha, JIED tizimidagi yopiq turdagi koloniyalardan qochishga urinish holatlari kuzatilmagan”, Departamentning Tarbiyaviy ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Sultonov.

Qonunchilikda manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan mahkumlarni saqlash shartlari aniq qilib belgilangan. Jinoyat-ijroiya kodeksining 114-moddasida, manzil-koloniyalardagi mahkumlar:

• soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanishlari;

• tongdan kechki uyqugacha bo‘lgan vaqt mobaynida koloniya hududi doirasida erkin yurish huquqidan foydalanishlari;

• agar ular bajarayotgan ish yoki olayotgan ta’lim taqozo etsa, ma’muriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz yurishlari;

• fuqarolar kiyadigan kiyimda bo‘lishlari;

• yonlarida pul va qimmatli buyumlar saqlashlari, puldan cheklanmagan holda foydalanishlari;

• cheklanmagan miqdorda telefon orqali so‘zlashishlari, posilka, yo‘qlov va banderollar olishlari hamda jo‘natishlari;

• cheklanmagan miqdorda uchrashuv olish huquqiga ega ekanliklari belgilangan. 

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 105-moddasida Jazoni o‘tash tartibini buzganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tayotgan mahkumlarga quyidagi intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi belgilangan:

• ogohlantirish;

• hayfsan;

• yengillashtirilgan saqlash sharoitini bekor qilish;

• intizomiy bo‘linmaga kiritib qo‘yish;

• saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi mahkumlarni manzil-koloniyadan umumiy tartibli koloniyaga o‘tkazish;

• saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi mahkumlarni manzil-koloniyadan umumiy yoki qattiq tartibli koloniyaga, qattiq tartibli koloniyadan maxsus tartibli koloniyaga, koloniyadan turmaga qaytarish.


Maqola muallifi

Teglar

IIV qamoqxonalar manzil koloniyasi

Baholaganlar

143

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing