O‘zbekiston mahkumlarga qo‘llaydigan usullarning biridan voz kechyapti
Jamiyat
−
22 noyabr 2022
13010Shu vaqtgacha koloniyalarda jazo o‘tayotgan va jazavaga tushgan mahkumlarga (rubashka) tinchlantirish ko‘ylagi qo‘llanilgan. Endilikda esa Ichki ishlar vazirligi bu kabi tinchlantirish usulidan voz kechilyapti. Bu haqda IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Tarbiyaviy ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Sultonov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining joriy yilning 18-19 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan 35-yaldpi majlisida "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi. Mazkur hujjat IIV tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u mahkumlarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish, ularni saqlash shart-sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan.
"Bugungacha jazoni ijro etish koloniyalarida saqlanayotgan mahkumlar jazavaga tushganda tinchlantirish ko‘ylagi qo‘llanilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 70-moddasida jazavaga tushgan mahkumga nisbatan tinchlantirish ko‘ylagi qanday holatda qo‘llanilishi belgilangan. Mahkum jazavaga tushganda o‘zini boshqara olmaydi va qilayotgan xatti-harakatlariga javob bermaydi. Bunday holatlarda u o‘zi va boshqa mahkumlarga jarohat yetkazishi mumkin. Shu vaqtgacha jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga yuqoridagi holatlarda tinchlantirish ko‘ylagi qo‘llanilgan", deydi Sultonov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda.
Uning qo‘shimcha qilishicha, tinchlantirish ko‘ylagi tibbiy xodim ishtirokida qo‘llanilgan hamda uni qo‘llash muddati ikki soatdan oshmasligi kerak. Ichki ishlar vazirligi xalqaro tajribani o‘rgangan holda Jinoyat-ijroiya kodeksining 70-moddasi (Tinlantirish ko‘ylagini qo‘llash)ni olib tashlash taklifi bilan chiqqan. Shuningdek, mahkumlar jazavaga tushganda qo‘llash uchun tinchlantirish ko‘ylagi emas balki xalqaro tajribada qo‘llaniladigan maxsus xonalar ham tayyorlab qo‘yilgan.
“Jinoyat-ijroiya sohasidagi xalqaro tajriba o‘rganilganda, bugungi kunda tinchlantirish ko‘ylagini qo‘llayotgan davlatlar sanoqli qolganiga guvoh bo‘ldik. Xalqaro tajribada bu ko‘ylak ruhiy nosog‘lom shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.
Inson qadrini ulug‘lash taomili asosida har bitta jazoni ijro etish muassasasida yumshoq qoplamali kameralar tayyorlandi. Bu xonalar mahkum jazavaga tushganda o‘z-o‘ziga tan jarohati yetkazishiga imkon bermaydi. Mahkum jazavaga tushganda ikki soatgacha shu kameraga kiritiladi va tinchlanib, ruhiy zo‘riqishlardan holi bo‘lganidan keyin kameradan chiqadi”, deydi IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Tarbiyaviy ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Sultonov
Senatining 35-yalpi majlisida qabul qilingan Qonunga mahkumlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir nechta o‘zgarishlar kiritilgan. Ular qo‘ydagilar:
• ozodlikdan mahrum etilgan I va II guruh nogironi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan umumiy turar joylar, maxsus vositalar va moslamalar bilan jihozlangan bo‘lishi;
• mahkumlarning to‘g‘ri yo‘lga qaytayotganini baholovchi mezonlar belgilanishi. Ozodlikdan mahrum etilganlarni rag‘batlantirish masalalari, ularni ishdan bo‘sh soatlarda, tungi dam olish uchun ajratilgan vaqtdan tashqari, kinofilmlar va teleko‘rsatuvlar ko‘rish huquqlari;
• mahkumlarning tarjimon bilan bir qatorda, Surdo-tarjimon xizmatidan foydalanishi;
• ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning qamoqda haq to‘lanadigan ishlash davri umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblanishi.
LiveBarchasi