Qobul “Tolibon” bilan tinchlik o‘rnatishga tayyor. Hukumat asosiy shartini e’lon qildi
Olam
−
03 avgust 2021
12158Afg‘oniston hukumati “Tolibon” harakati bilan tinchlik o‘rnatishga tayyor, lekin hukumatning bir qancha shartlari bor. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar ma’lum qilgan.
“Afg‘oniston hukumati “Tolibon”ni hokimiyatni bo‘lishish bitimiga qo‘shishga va birgalikda ishlashga tayyormi? Javob ha. Biz “Tolibon” bilan ishlashga tayyormiz, ularni hukumatga olishga tayyormiz, ular bilan tinchlik o‘rnatishga va hokimiyatni bo‘lishishga tayyormiz”, degan Atmar.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sulh tuzishning asosiy shartlaridan biri shundaki, mamlakat ichidagi Afg‘oniston kelajagi afg‘on xalqining xohishi bilan hal qilinishi kerak. Vazirga ko‘ra, hamkorlik uchun “Tolibon” terrorizmni ham qo‘llab-quvvatlamasligi kerak.
“Afg‘oniston tashqi chegaralaridagi boshqa davlatlar uchun xavf tug‘dirmasligi kerak va bizda bitta ham xorijiy terrorchi kuch bo‘lmasligi kerak. Ba’zi davlatlar “Tolibon” bilan aloqada. Biz “Tolibon”ni tinchlik va siyosiy kelishuv zarurligiga ishontirishga harakat qilamiz, lekin zo‘ravonlik va xorijiy terrorchilar bilan hamkorlikni davom ettirishga undamaymiz”, degan Atmar.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi