Qobul aeroportidagi vahima necha kishining o‘limiga sabab bo‘ldi? (video)

Olam

image

Joriy yilning 15 avgust kuni “Tolibon” harakati jangarilari Afg‘oniston poytaxtini egallaganidan so‘ng, Qobul aeroporti va uning atrofida kamida 12 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” agentligi NATO va “Tolibon” vakillarining so‘zlariga tayanib xabar bergan.  

Qobulning qo‘lga olinishi ortidan mamlakatni tark etishga uringan odamlar aeroportda to‘plana boshladi. Ismini oshkor qilmagan “Tolibon” vakilining so‘zlariga ko‘ra, odamlar otishma va taloto‘pda halok bo‘lgan. 

“Tolibon” vakili aeroportga kirishda to‘plangan odamlarni Afg‘onistonni tark etish uchun qonuniy asos bo‘lmasa, uylariga qaytishga chaqirgan. 

“Biz hech kimning aeroportda jarohatlanishini xohlamaymiz”, deya qo‘shimcha qilgan u. 

Qobul aeroporti AQSH harbiylari tomonidan nazorat qilinmoqda, bu esa AQSH va boshqa davlatlar diplomatlarini evakuatsiya qilishga yordam beryapti. 15 avgustdan beri G‘arb davlatlari sakkiz mingga yaqin odamni evakuatsiya qildi. 

Qobul qo‘lga kiritilgandan so‘ng, aeroportda vahima paydo bo‘ldi. Joriy yilning 15 avgust kuni kechqurun yuzlab afg‘onlar uchish-qo‘nish yo‘lagiga yugurib chiqib, mamlakatni tark etishga harakat qildi. O‘sha kuni AQSH harbiy transport samolyotlaridan biri bir vaqtning o‘zida 640 dan ortiq yo‘lovchini olib ketdi. 

16 avgust kuni ham aeroportdagi tartibsizliklar davom etgan. Buning fonida parvozlar deyarli bir kunga to‘xtatilgan. 

17 avgust kuni kechqurun “Tolibon” Afg‘oniston fuqarolarini aeroportga kiritilishini to‘xtatgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. AQSH bunga javoban mamlakatni tark etishni istagan barcha afg‘onlarni aeroportga kirishga chaqirdi. 

18 avgust kuni “Tolibon” jangchilari aeroport oldida to‘plangan olomonni tarqatish uchun havoga o‘q uzdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 19 avgust kuni ham bu hududda havoga o‘q uzilgan, buning ortidan odamlar, jumladan bolali ayollar qochib ketgan. Oxirgi holatda “Tolibon” yoki AQSH harbiylari o‘q uzganligiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot o‘rnida, Afg‘oniston Islom Respublikasi endi yo‘q. Joriy yilning 15 avgust kuni hokimiyat “Tolibon” harakati nazoratiga o‘tdi. O‘sha kuni Prezident Ashraf G‘ani iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Qobul

Baholaganlar

242

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing