Qobul aeroportidagi portlash kimning ishi edi? 

Olam

image

Avvalroq, Afg‘oniston poytaxti Qobul aeroportida portlash yuz bergani haqida xabar bergandik. 

Bir qator G‘arb nashrlarining Britaniya xavfsizlik kuchlariga tayanib xabar berishicha, portlash ortida ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘limi “Viloyat Xuroson” guruhi jangarilari turibdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Qobulda orqama-ketin ikkita portlash yuz bergan. “Reuters” nashriga ko‘ra, hodisa oqibatida 40 kishi halok bo‘lgan, yana 100 dan ortiq odam jarohatlangan.

Qayd etish kerakki, “Tolibon” Qobul aeroportiga ISHID hujum qilishi mumkinligi haqida NATOga ma’lumot yuborgan edi.

Harakat vakili Zabihulloh Mujohid tahdid “kichik va noaniq” ekanligini aytgandi. Lekin, u toliblarning nomini qoraga chiqarishga urinish bilan bog‘liq fitna uyushtirilishi haqida xabar bergan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 26 avgust kuni Qobul aeroportini tark etayotgan Italiyaning harbiy samolyoti o‘qqa tutildi. Harbiy havo transporti evakuatsiya jarayonlarida qatnashayotgan va bortida 98 fuqaro hamda jurnalistlarni Afg‘onistondan olib ketayotgan bo‘lgan.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan  "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi. Biroq, ular ayni vaqtda uy qamog‘iga olingan.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

363

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing