Qohirada Arab davlatlari ligasining favqulodda yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi
Olam
−
10 Oktabr 2023
1474111 oktyabr kuni Qohirada Arab davlatlari ligasining favqulodda yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Falastinning ushbu ligadagi doimiy vakili Muhanad al-Akluk ma’lum qildi.
G‘azo sektoridagi keskinlik bo‘yicha yig‘ilish Arab davlatlari ligasi Bosh kotibiyati qarorgohida tashqi ishlar rahbarlari darajasida o‘tkaziladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avvalroq Falastin mintaqadagi vaziyatni qanday davom ettirishni muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilishni talab qilgan. Marokash va Iroq ham xuddi shunday takliflar bilan chiqqan.
Arab davlatlari ligasiga arab tilida so‘zlashuvchi 18 davlat, Falastin davlati va arab dunyosi bilan yaqin aloqada bo‘lgan uchta Sharqiy Afrika musulmon davlatlari – Komor, Somali va Jibuti kiradi. Liganing bosh qarorgohi Qohirada joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.
Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Shuningdek, HAMAS asirga olingan isroilliklardan AQSH va Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda foydalanishni rejalashtirmoqda.
Hozirda G‘azo sektorida 187 mingdan ortiq aholi o‘z uylarini tashlab ketdi. Ikki tomondan qurbonlar soni 1600 dan oshgan.
LiveBarchasi