QQS mojarosi: DSQ tadbirkorlarning 915 mlrd puliga ega chiqmoqda

Jamiyat

“10 ming tadbirkordan 5 minggi o‘zini eplasa, qolgani Rossiyaga “gastarbayterlikka” ketadimi?” “Sardobada suv toshganda davlatning koriga shu tadbirkorlar yaradi-ku. Yo DSQdagilar maoshidan kimnidir yedirib, ichirdimi?” Bu kecha, 16 fevral kuni Davlat soliq qo‘mitasiga to‘plangan 100 dan ortiq tadbirkorlardan eshitganlarimiz. Qo‘mitaga yig‘ilgan tadbirkorlarning barchasi hisobraqamidagi pullar noqonuniy ravishda yechib olinayotgani, DSQ 10 mingga yaqin tadbirkorga yemagan somsasiga pul to‘latayotganidan nolimoqda. QALAMPIR.UZ ularga mikrofon tutdi. 

Ushbu reportajni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.

Tadbirkorlarning ma’lum qilishicha, soliq idoralari Soliq kodeksining 14-moddasi keltirilgan bandlar asosida 396 ta noqonuniy faoliyat olib borgan korxonalarni aniqlagan. Ushbu korxonalar turli operatsiyalar orqali QQS to‘lamay kelgan. Endilikda esa ular to‘lashi kerak bo‘lgan QQS 10 mingga yaqin tadbirkorning gardaniga tushmoqda. To‘lanishi kerak bo‘lgan mablg‘a esa oz emas, naq 915 milliard so‘m. Eng qizig‘i, DSQ hali vaziyat oydinlashmay, isbotlanmay turib, tadbirkorlar hisobraqamlaridagi pullarni tiyin-tiyinigacha yechib olishni boshlab yuborgan. 

Tadbirkorlarga ko‘ra, soliq idoralari tomonidan ularga holat bo‘yicha ogohlantirish xatlari berilgan, biroq xatda pullar yechib olinishi haqida miq etilmagan. 

Tadbirorlar xatga javob ham kutmay, hisob raqamlaridan katta miqdordagi pullar yechilganini aytishmoqda. Ularning barchasi o‘zi bilan hamkorlikda ishlagan korxonalarning faoliyati qanchalik qonuniy bo‘lganini bilmaganliklarini aytishmoqda. “Hamkorlarimizning hujjatlarini bilmaymiz, ammo bizniki joyida bo‘lgan. Biz bu kompaniyalar qonuniy yoki noqonuniy ishlayotganini qayerdan bilamiz”, deydi tadbirkorlar ishonch bilan. “Nega endi boshqalarning noqonuniy faoliyati kasriga biz qolishimiz kerak?”, deydi ular. 

Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev tadbirkorlarga bo‘lgan holat yuzasidan tushintirish berishni istab Soliq qo‘mitasi binosiga taklif qilar ekan, tadbirkorlar qo‘mita binosiga kirishni istamasliklarini bildirishdi. Har qanday muloqot barchaning ko‘z o‘ngida, OAV ishtirokida bo‘lishi kerakligini talba qilishdi.

“Hozir hammaning ishi to‘xtab qolgan. Shu yerda yig‘ilgan tadbirkorlar 100 ta bo‘lsa, ularning qo‘l ostida 500 nafardan ishchi ishlaydi. Hozirgi vaqtda 5000 ming nafar odam ishsiz, maoshsiz o‘tiribdi. Bu kabi holatlardan keyin 10 ming tadbirkordan 5 minggi o‘zini eplasa, qolgani Rossiyaga “gastarbayterlikka” ketadimi?”, deydi tadbirkorlardan biri.

DSQ raisi o‘rinbosari Alimjon Fayziboyev bilan suhbatlashdik, voqeaga izoh berishlari, Davlat Soliq qo‘mitasi olib borayotgan ishlardan ko‘plab tadbirkorlar norozi ekanini aytganimizda u shunday deb javob berdi:

“Tadbirkorlar bizni, biz esa ularni tushunmadik, hozir esa gaplashib oldik va masala hal bo‘ldi. Hisobraqamlaridagi pullar ogohlantirib, keyin yechib olingan, xatlarni ko‘rsatishimiz ham mumkin. Pullar yechilishidan 5 kun avval, barcha tadbirkorga ogohlantirish berilgan. Bu yerga yig‘ilgan tadbirkorlar yashirin iqtisodiyot bilan shug‘ullangan firmalar bilan aloqador koroxa sifatida topilgan. Uning ortidan tushunmovchililar kelib chiqdi”. 

Alimjon Fayziboyevga tadbirkorlarning hisobidan katta miqdorda pullar yechib olingan, ular endi qayatriladimi degan savol bilan murojaat qildik. U esa “katta miqdordagi pul emas, noaniq miqdorda”, deb javob qaytardi. Qayd etilishicha, pullarning barchasi qaytariladi va undan so‘ng tadbirkorlik sub’ektlari kameral tekshiruvdan o‘tadi. 

Shu o‘rinda bir savol paydo bo‘ladi: tadbirkorlar hisobraqamidan 35 milliondan 500 milliongacha, hatto, 1-2 milliardgacha bo‘lgan pullar yechib olinganini aytmoqda. Nahot, DSQ korchaloni nazdida bu pullar katta miqdorda bo‘lmasa? 

Voqeani aniqroq o‘rganish maqsadida Davlat Soliq qo‘mitasi Departament direktori Jahongir Abdiyevga yuzlandik.

Jahongir Abdiyev, DSQ Xavfni tahlil qilish va soliq to‘lovchilarni segmentlash boshqarmasi Departament direktori:
— Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tahlillar natijasida 396 ta shubhali soliq to‘lovchilar aniqlangan. Ya’ni, ko‘zbo‘yamachilik bitimlarini tuzgan. Ular byudjetga to‘lanadigan to‘lovlarni kamaytirish maqsadi bo‘lgan operatsiyalarni amalga oshirishgan. Barchaga ma’lum, noqonuniy operatsiyalar amalga oshirish jarayonida ikkinchi tomon ham bo‘ladi. Shunga asosan, Soliq kodeksining 14-moddasiga “Bitimlarning iqtisodiy mazmuni va ularni yuridik jihatdan rasmiylashtirish”ga ko‘ra, soliq organlari soliq to‘lovchilarga QQS bo‘yicha byudjetga to‘lanadigan summalarni bo‘yicha tegishli tuzatishlar kiritishgan.  396 ta korxona operatsiyaning bir tomoni, ikkinchi tomoni esa ular bilan ishlagan korxonalar. Korxona o‘zi bilan o‘zi ishlolmaydi. Hozir soliq qo‘mitasi aynan shubhali operatsiyalar doirasida ish olib bormoqda. Har bir soliq to‘lovchi o‘zi ishlaydigan korxonasini bilishi kerak. Soliq kodeksining 15-moddasi “Lozim darajada ehtiyotkorlik” ga asosan har bir korxonaning lavozim darajasida ehtiyotkorlik bo‘lishi shart. Ishlaydigan korxonasining qanday ekani, qanday mahsulotlari borligini biladi. Ko‘zbo‘yamachilik bitimlarini kuzatgan holatlarda, ular aynan shu bitimlarni amalga oshirish vaqtida ikkala tomon ham bilgan holda ishlagan. Tadbirkorlar qaysidir holatlar bo‘yicha asoslovchi hujjatlar taqdim etishsa, soliq organlari ularni eshitishga doim tayyor.

Muxbir: — 396 ta noqonuniy ishlagan korxona ortidan nechta tadbirkorning hisob raqami muzlatildi va qancha pul yechildi? Umumiy summa qanchani tashkil etadi?

— 396 ta shubhali faoliyatni amalga oshirayotgan korxonadan 9 trillionga yaqin operatsiyalar amalga oshirildi. Ular bilan ishlagan ikkinchi tomon korxonalarning hamma faoliyatiga tuzatish kiritilmadi, aynan shubhali korxonalar bilan ishlagan faoliyati doirasidagi summasiga tuzatish kiritdik. U summa qariyb 1 trln, aniqrog‘i 915 mlrd so‘mni tashkil etadi. (QQS byudjetga to‘lanmay qolgan summa.) Hisobraqamidan puli muzlagan va yechilgan tadbirkorlar 7 mingdan oshiq. Tekshiruvda jami 9-10 ming atrofida tadbirkorlar aniqlangan edi. Tadbirkorlarning barchasiga 10 fevral kuni xabarnoma jo‘natilgan, shu xabarnoma asosida 500 dan ortiq tashkilotlar 30 mlrd so‘mlik ishni tan olib, QQS bo‘yicha haqiqatan ham byudjetga to‘lashi lozim bo‘lgan summalarga tuzatishlar kirtishdi.

— Tadbirkorlar bilan gaplashib, ularning hisobraqamlaridagi pullar qaytarilishi haqida aytildi, undan keyin jarayon qanday kechadi?

— Har bir jarayon soliq kodeksi normalaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Bunday holatlarda 266-moddaga asosan soliq to‘lovchilar o‘z hujjatlarini taqdim etadi. Asoslovchi hujjatlarni taqdim etish va tekshirish jarayonlari ham qog‘ozda olish va tekshirish emas balki nomalarda keltirilgani asosida amalga oshiradi. Kameral tekshiruvlar (soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotlarini va (yoki) soliq to‘lovchining faoliyati to‘g‘risida soliq organida mavjud boshqa ma’lumotlarni o‘rganish va tahlil qilish yo‘li bilan soliq organi tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruv) o‘tkazilib qaror chiqariladi. Shu bilan birga soliq organidan ham javobgar bo‘lgan shaxs belgilanib qarorga asosan xulosa qabul qilinadi va ijroga qaratiladi. Ortiqcha to‘langan summa bo‘lsa byudjetga qaytarilib, noto‘g‘ri to‘langan summa aniqlasa bu soliq to‘lovchiga undiruvga yoki qaytarib berish choralari ko‘riladi.

— Hozir bu yerga kelolmagan tadbirkorlarning ham pullari qaytariladimi?

— Hisob raqamidan pul yechib olingan tadbirkorlarning shaxsiy kabinetlariga ma’lumotlarni yuboramiz. Kelmasalar ham barcha qatori ishlari hal etiladi.

100 dan ortiq tadbirkorlarning Davlat Soliq qo‘mitasi binosi oldida to‘planishi ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Buning ortidan bugun, 17 fevral kuni AOKA majlislar zalida Davlat Soliq qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. 

QALAMPIR.UZ muxbiri “DSQ raisi o‘rinbosari Alimjon Fayziboyev tadbirkorlarning hisobraqamlariga pullar qaytariladi, undan so‘ng ular Kameral tekshiruvdan o‘tkaziladi, deb va’da qilgan edi, hozirgi vaqtga qadar birorta tadbirkorga pullar qaytarilmagan, ayrimlarining inkassalari olib tashlangan, xolos”, deya murojaat qildi. Savolga DSQ Xavfni tahlil qilish va soliq to‘lovchilarni segmentlash boshqarmasi Departament direktori Jahongir Abdiyev javob berdi.

“Kechagi holat yuzasidan 57 ta korxonadan arizalarini qabul qilib oldik. Ular bizga korxonlari haqida batafsil ma’lumot berdilar. 

Kecha Davlat Soliq qo‘mitasi oldida 110 kishi yig‘ilgani bilan u yerda yaqinlari bilan kelganlar bo‘lishi mumkin. Shu aniqki, biz 57 ta korxonani qayd qildik va aynan shu korxonalarga to‘lov muddatlarini nazorat tadbirlari tugagunga qadar o‘zgartirib, ularga qo‘yilgan inkassalari olindi” deydi Departament direktori.
 

Ushbu reportajni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkor QQS DSQ Soliq

Baholaganlar

49

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing