Qizini ayiq qafasiga tashlagan ayolga hukm o‘qildi

Jamiyat

image

Toshkent hayvonot bog‘ida qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayol Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklari shifoxonasida majburiy davolanadi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bugun, 18 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan Z. To‘laganova (1991 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) ga tibbiy yo‘sindagi majburlov ehtiyot chorasini qo‘llash masalasini hal qilishga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni o‘z nihoyasiga yetgan. 

E’lon qilingan sud ajrimi bilan Z. To‘laganova ijtimoiy xavfli qilmishni aqli noraso holatda sodir etgan, deb topilib, uning Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklari shifoxonasida majburiy davolanishi belgilangan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 yanvar kuni Toshkent hayvonot bog‘ida yuz bergan mudhish holat muhokamalarga sabab bo‘ldi. Soat taxminan 12:00 larda yosh ayol noma’lum sabablarga ko‘ra odamlarning ko‘z oldida o‘z qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan.

Ayiq qizaloqqa zarar yetkazmagan. Hayvonot bog‘i xodimlari ayiqni ichki xonaga olib kirishga muvaffaq bo‘lishgan.

2018 yilda tug‘ilgan qizaloqqa dastlab hayvonot bog‘i hamshirasi birinchi yordam ko‘rsatadi. Shundan so‘ng tez yordam mashinasida soat 13:30 larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.

Hayvonot bog‘i ma’muriyatiga ko‘ra, 3 yoshli qizaloq intensiv terapiya xonasiga ko‘chirilgan.

Hozirda holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi “v” bandi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Prokuratura qizini ayiq qafasiga uloqtirgan ona ruhiy 2021 yilning iyul oyidan buyon ruhiy asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turishini ma’lum qildi.

Toshkent shahar Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi esa ayol oliy ta’lim muassasasida dars berishini va turmush o‘rtog‘i bilan ajrayotganini ochiqladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

561

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing