“Qizil”, “sariq” va “yashil” ranglari aslida nimani anglatadi?
Jamiyat
−
06 may 2020
16645Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 6 maydagi yig‘ilishi bayoniga muvofiq koronavirus tarqalishi holatining hududlar kesimidagi tahlilidan kelib chiqib, ularni uch toifaga ajratdi.
"Qizil" toifadagi hudud — oxirgi 14 kun ichida koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxslar aniqlangan hududlar. "Qizil" toifadagi hududlarda aksar karantin qoidalari saqlanib qoladi. Shuningdek, quyidagilarga ruxsat beriladi:
– oziq-ovqat savdo do‘konlari, nooziq-ovqat mahsulotlari ulgurji savdo do‘konlari, qurilish materiallari bozorlari, tikuvchilik va bichuvchilik sexlari, tijorat banklarining ob’ektlardagi shahobchalari (kassalari), kimyoviy tozalash, notarial idoralar, advokatura va sug‘urta tashkilotlari, poyabzal ta’mirlash ustaxonalari, chorvachilik, terini qayta ishlash korxonalari, tezkor ovqat tayyorlash nuqtalari (yetkazib berish va olib ketish uchun), tibbiyot muassasalari faoliyati;
– qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ish, joylarga yetkazish va sotish, urug‘ va ko‘chat yetishtirish hamda ularni sotish, avtomobillarga ehtiyot qismlar sotish, hunarmand va ustalar, ular tomonidan yasalgan buyumlarni bozor rastalaridan tashqari alohida joylashgan joyda (do‘kon) sotish;
– ob’ektlarda qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, yakka tartibdagi qurilish va ta’mirlash ishlari, yetkazib berish xizmati;
– ko‘p qavatli uylarning bevosita oldida va ichki hovli hududlarida ijtimoiy masofani saqlagan va niqob taqqan holda sayr qilish.
"Sariq" toifadagi hudud — oxirgi 14 kun davomida koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxslar aniqlanmagan, biroq ushbu kasallikka chalingan va davolanayotgan shaxslar mavjud bo‘lgan hududlar hisoblanadi. "Sariq" hududlarda, "qizil" hududlarga qo‘shimcha ravishda yana quyidagi faoliyat turlariga ruxsat beriladi:
– nooziq-ovqat mahsulotlari chakana savdo do‘konlari, zargarlik va gul sotish do‘konlari, sartaroshxona va go‘zallik salonlari (maxsus talablar asosida) hamda mehmonxonalar (xostellar va mehmon uylari bundan mustasno) faoliyati;
– avtomashinalar yuvish shahobchalari faoliyati, avtomobillar, qishloq xo‘jaligi va qurilish texnikalariga texnik xizmat (servis) ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyati;
– hunarmandchilik, maishiy jihozlar va elektron qurilmalarni ta’mirlash ustaxonalari faoliyati;
– yo‘nalishsiz taksida maxsus talablar asosida yo‘lovchi tashish, velosiped va skuterda harakatlanish.
"Yashil" toifadagi hudud — koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxslar aniqlanmagan (yoki aniqlangan shaxslar to‘liq sog‘aygan) hududlar hisoblanadi. Ularga yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda quyidagilar ruxsat beriladi:
– park va istirohat bog‘lari faoliyatiga (attraksion va ko‘ngilochar ob’ektlar faoliyati bundan mustasno),
– avtotransportlarning stikersiz harakatiga,
– davlat tashkilotlarida fuqarolar qabullariga ham ruxsat beriladi.
LiveBarchasi