Qizi sabab Istanbulda ko‘chada qolib ketgan ona O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
14 Sentabr
7861O‘z qizi tomonidan qiyin ahvolda qoldirilgan ayol va uning o‘g‘li O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh konsulxonaga 45 yoshli fuqaro I.G. o‘zi va voyaga yetmagan farzandi Istanbulda qiyin ahvolda qolgani sababli O‘zbekistonga qaytishda yordam berishni so‘rab, murojaat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning avgust oyida ayol 19 yoshli qizi A.B.ni madrasada diniy ta’lim olish uchun Istanbulga yuborgan. Oradan biroz vaqt o‘tgach esa ishlab pul topish va farzandiga g‘amxo‘rlik qilish maqsadida o‘zi ham 12 yoshli o‘g‘li bilan qizining oldiga Istanbulga kelgan.
Biroq Istanbulga kelgach, qizi madrasada o‘qimayotganini, qolaversa, begona bir erkak bilan “shar’iy” nikohdan o‘tish niyatida ekanini bilgan.
Farzandiga nasihat bergan ona qizining qarshiligiga uchragan hamda o‘z farzandi tomonidan ko‘chaga chiqarib yuborilgan va shu tariqa fuqaro I.G. 12 yoshli o‘g‘li bilan ko‘chada qolgan.
Qiyin sharoitda qolgan ona-bola Bosh konsulxona va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Istanbul shahridagi vakili, “O‘zbek ayollari huquqlarini himoya qilish” jamiyati ko‘magida va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Andijon viloyati vakilligi homiyligi yordamida bugun, 14 sentyabr kuni O‘zbekistonga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada qolib ketgan o‘zbekistonlik bola ortga qaytarilgandi.
LiveBarchasi