Qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zarar kompensatsiya qilinadi — Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, qiynoqqa solishning barvaqt oldini olish, u bilan bog‘liq murojaatlarni tezkor ravishda xolisona ko‘rib chiqish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirish bo‘yicha samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish ishlarini davom ettirish lozim.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Quyidagilar qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash (keyingi o‘rinlarda – qiynoqqa solish) holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar etib belgilansin:

qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirish;

harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar tomonidan inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarga yuborilgan murojaatlarning muassasa ma’muriyati tomonidan ko‘zdan kechirilmasligini hamda qabul qiluvchiga zudlik bilan yuborilishini qat’iy ta’minlash;

qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarning tezkor va xolisona ko‘rib chiqilishi hamda aybdor shaxslarning muqarrar javobgarlikka tortilishi mexanizmini takomillashtirish;

qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini ta’minlash;

qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish faoliyatiga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish hamda ularning davlat organlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash;

qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha faoliyat natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish;

qiynoqqa solishning oldini olish borasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning milliy institutlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

2. Oliy Majlis palatalari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazning quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari ma’qullansin:

a) Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) (keyingi o‘rinlarda – Ombudsman) huzuridagi ekspert guruhi negizida Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlariни (keyingi o‘rinlarda – Jamoatchilik guruhlari) tashkil etish va ularning asosiy vazifalari etib quyidagilarni belgilash:

gauptvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish muassasasi, intizomiy qism, majburiy davolash muassasalarida (keyingi o‘rinlarda – harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar) qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflarini muntazam ravishda amalga oshirish;

harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlash shart-sharoitlarini o‘rganish va ular yuzasidan axborotlarni jamoatchilikka e’lon qilib borish;

qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish;

qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish;

qiynoqqa solish holatlarini ekspertlik baholash masalalari bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish;

qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilishida ishtirok etish;

qiynoqqa solish xavfining oldini olish hamda bu sohada ilg‘or xorijiy tajribani joriy qilish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;

b) Jamoatchilik guruhlari tarkibiga Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz ekspertlari, tibbiyot xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini jalb qilish va bunda ularning monitoring tashriflarini amalga oshirish uchun kasbiy malakasi va amaliy bilimlarga ega bo‘lishini hamda gender tengligi ta’minlanishini hisobga olish;

v) Ombudsman tomonidan har yili 15 martga qadar Oliy Majlis palatalariga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’ruzani taqdim etish va uni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish.

3. Belgilansinki:

harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarning ma’muriyati Jamoatchilik guruhlariga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar bilan moneliksiz va xoli uchrashishi hamda suhbatlashishi, shuningdek, tegishli hujjatlar bilan tanishishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydi;

davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarning ma’muriyati Jamoatchilik guruhlarining faoliyatini amalga oshirishiga ko‘maklashadi;

Jamoatchilik guruhlari a’zolarining xavfsizligini ta’minlash monitoring tashriflari o‘tkaziladigan muassasa ma’muriyati zimmasiga yuklatiladi;

Jamoatchilik guruhlari a’zolari qonunchilikka zid harakat qilgan taqdirda monitoring tashriflari o‘tkazilayotgan muassasa ma’muriyati rahbari bu haqida Ombudsmanni yozma ravishda xabardor qiladi.

4. Quyidagilar:

a) harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga joylashtirilgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.

Bunda, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxsni qabul qilishga asos bo‘lgan hujjat nusxasi va ushbu shaxs haqidagi ma’lumotlar shaxs harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga joylashtirilgan vaqtdan boshlab ularning ma’muriyati tomonidan darhol yagona elektron reyestrga kiritib boriladi va sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Ombudsman uchun mazkur ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.

Ichki ishlar vazirligi 2021 yil 1 dekabrga qadar harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga joylashtirilgan shaxslarning yagona elektron reyestrini shakllantirish tartibini ishlab chiqsin va samarali yo‘lga qo‘yilishini ta’minlasin;

b) harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar tomonidan qiynoqlar bo‘yicha amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqqan holda advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali murojaat qilish amaliyoti takomillashtirilsin.

Ichki ishlar vazirligi 2021 yil 1 noyabrga qadar mazkur masalani nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

5. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz:

Ombudsman va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda BMTning “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi Konvensiyasi Fakultativ protokoli”ga (Nyu-York, 2002 yil 18 dekabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi masalasi bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura bilan birgalikda uch oy muddatda qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2021 yil 1 oktyabrdan boshlab Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura bilan birgalikda tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish choralarini ko‘rsin.

6. Bosh prokuratura, Ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz 2021 yil 1 dekabrga qadar Jinoyat kodeksida qiynoqqa solish uchun javobgarlik belgilovchi normalarni BMTning “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi Konvensiyasi” (Nyu-York, 1984 yil 10 dekabr) talablariga muvofiqlashtirish maqsadida qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin.

7. Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmati qiynoqqa solish holatlari bo‘yicha, jumladan, Jamoatchilik guruhlari tomonidan aniqlangan har qanday qonun buzilishi holatlari yuzasidan zudlik bilan qonuniy choralar ko‘rilishini ta’minlasin.

8. Oliy Majlis palatalariga:

Jamoatchilik guruhlarini shakllantirish, faoliyatini tashkil qilish va monitoring o‘tkazish tartibini nazarda tutuvchi qonun hujjatlarini qabul qilish;

Ombudsmanning qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha ish faoliyati ko‘lami ortishini inobatga olib, Ombudsman Kotibiyati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etilsin.

9. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda ushbu qarorning maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng tushuntirilishini, Jamoatchilik guruhlari faoliyati va monitoring tashriflari muntazam yoritilishini ta’minlasin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2021 yil 26 iyun


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qaror

Baholaganlar

23

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing