“Qiyot”, “Qipchoq”, “Choshtepa”: Toshkent metrosining yer usti bekatlariga nom berildi
Jamiyat
−
10 avgust 2023
7972Bugun, 10 avgust kuni Toshkent shahridagi 19 ta yer usti metro bekatiga yangi nom berildi. Bu bo‘yicha “Toshkent metropolitenining yer usti yo‘li bekatlariga nom berish to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qaror bilan, “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz yilligi” yer usti metro halqa yo‘lining “Do‘stlik – Qo‘yliq” yo‘nalishi 1-14-bekatlariga, “Chilonzor” yo‘lining “Olmazor – Sergeli” yo‘nalishi 1-5-bekatlariga (jami 19 ta bekat) nomlangan.
Metro bekatlariga tanlangan nomlarning aksariyati o‘sha bekat atrofidagi mahalla yoki taniqli ob’ektga atab qo‘yilgan. Ammo ularning ichida “Qiyot” va “Qipchoq” kabi etnotoponimlarning metro bekati nomi sifatida tanlanishi e’tiborga molik.
Ma’lumot uchun, “Qiyot” o‘zbek urug‘laridan birining nomi bo‘lib, XI-XII asrlarda Mo‘g‘ulistonda yashagan. Qiyotlar XIII asrda Chingizxon yurishlarida ishtirok etib, keyinchalik uning nabirasi Jo‘jixon bilan birga Dashti Qipchoqqa borgan va Oltin O‘rda davlati tarkibida yashagan. Keyinchalik Oltin O‘rda yemirilgach, Abulxayrxon tomonidan 1428 yilda asos solingan O‘zbek ulusi tarkibida bo‘lgan. XVI asrda esa uning nabirasi Shayboniyxon bilan Movarounnahrga, bir qismi esa Elbarsxon bilan birga Xorazmga kelib o‘rnashgan.
Abulg‘oziy Bahodirxon o‘zining “Shajarayi turk” asarida yozishicha, “qiyot” mo‘g‘ulchada “tog‘dan oqqan sel” ma’nosidagi “qiyon” so‘zining ko‘pligi hisoblanadi. Qiyot urug‘i uch tarmoqqa bo‘lingan: uch tamg‘ali, taroqli va bolg‘ali. Qiyotlar Qashqadaryoning yuqori oqimi, Xorazm va Buxoro vohalari, shuningdek, Zarafshonning o‘rta oqimida XIX asr oxirlarida, XX asrning boshlarida, asosan, o‘troqlashib, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan.
“Qipchoq” nomi ham etnotoponim hisoblanadi. Qipchoqlar o‘rta asrlardan beri ma’lum bo‘lgan turkiy urug‘ bo‘lib, ilk bor fors geografi ibn Xo‘rdodbehning “Yo‘llar va saltanatlar kitobi” asarida nomi keltirilgan. Qipchoqlar Samarqand bilan Kattaqo‘rg‘on o‘rtasidagi tumanlarda, Amudaryoning o‘ng sohilida, Farg‘ona vodiysining shimoli-sharqiy va shimoli-g‘arbiy qismlarida o‘troqlashib, yashagan. Ular qadimdan tangrichilikka e’tiqod qilib, keyinchalik Islomni qabul qilgan. Qipchoq etnonimi ko‘plab turkiy xalqlar orasida qayd qilingan. Qoraqalpog‘istonda 15 ga yaqin ovul shu nomda (Qipchaq, Qipshaq shakllarida).
“Olmazor-Sergeli” yo‘nalishidagi 1-bekat uchun tanlangan “Choshtepa” nomi ham uzoq tarixga ega orooykonim hisoblanadi. “Choshtepa” so‘zi sun’iy ravishda qurilgan tepalik, tuproqqo‘rg‘on, qo‘rg‘ontepa, qorovultepa kabi ma’nolarni anglatadi. O‘tmishda bunday qorovultepalar kuzatuv ob’ekti vazifasini o‘tagan. O‘zbekistonda Samarqand viloyatining Paxtachi, Urgut, Payariq, Surxondaryoning Sariosiyo, Navoiyning Xatirchi hamda Qashqadaryoning Shahrisabz va Dehqonobod tumanlarida shu nomdagi qishloqlar bor. Choshtepa, Shoshtepa, Shishtepa kabi tepaliklar O‘rta Osiyoda, xususan, O‘zbekiston va Tojikistonda ko‘p uchraydi.
Ta’kidlash joizki, qolgan bekatlar uchun ham bir qator tarixiy nomlar taklif etilgan edi. Ammo bekatlarni nomlash uchun ovoz berish jarayoni yakunlanganidan so‘ng ularning aksariyati tanlab olinmadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Toshkent metropolitenining 19 ta bekatini nomlash ovozga qo‘yilgan edi.
LiveBarchasi