Toshkentda transport narxi oshadi

Intervyu

2025 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahrida avtobus va metro uchun naqd puldagi yo‘lkira narxi oshirilishi kutilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimining “Toshkent shahar jamoat transport tizimida elektron to‘lov tizimini rag‘batlantirish bo‘yicha” qaror loyihasida e’lon qilindi.

“2025 yilning 1 yanvaridan e’tiboran shahar jamoat transporti avtobuslar salonida naqd pul shaklida to‘lov qilish imkoniyati cheklanadi. Buning uchun bugungi kunda avtobuslar va bekatlarda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish uchun maxsus shoxobchalar tashkil etiladi. Ushbu shoxobchalar orqali yo‘lovchilar o‘zlarining naqd pullariga bir martalik chiptalarni sotib oladi. Avtobuslarda esa mana shu chiptalarni o‘qish uchun maxsus moslamalar o‘rnatilgan bo‘ladi. Shu orqali yo‘lovchilar to‘lovlarni amalga oshirishadi”, dedi Transport vazirligi Axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashirmatov QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusida.

Yangi tartibga ko‘ra:

  • Naqd to‘lov bilan bir martalik yo‘lkira narxi – 3 000 so‘m,

  • Elektron to‘lov tizimi orqali to‘langanda esa – 1 700 so‘m qilib belgilangan.

Xo‘sh, narxlar oshirilishiga aholi qanday munosabat bildiradi? QALAMPIR.UZ ularning fikriga qiziqdi:

“Men jamoat transportlari narxlari oshirilishiga qarshiman”, deydi doimiy jamoat transportidan foydalanuvchi erkak.

“Ikki ming bo‘lgani yaxshiroq edi”, dedi yo‘lovchi ayol.

“Transport narxlari oshirildi, endi oyliklar va stipendiyalar ham osharmikan?” dedi talaba qiz.

“Iloji bo‘lsa, oshirilmasa bo‘lardi. Xalq qiynalib qoladi-da”, deydi yana bir jamoat transporti foydalanuvchisi.

Yangi tariflar joriy etilishidan va aynan naqd pul orqali to‘langanda narxlarni oshirishdan asosiy maqsad nima? “Bugungi kunda elektron to‘lov ko‘rsatkichlarining ulushi 60 foizni tashkil etadi. Kelgusidagi maqsad esa ushbu ko‘rsatkichni oshirib borish va jarayonni 100 foiz elektron shaklga o‘tkazish”, dedi Navro‘z Ashirmatov.

Odamlar ham elektron to‘lov tizimini ma’qul ko‘rishini aytdi. Ammo naqd to‘lov usulini tanlaganlar ham yo‘q emas. 

“Karta bilan to‘lov qilish menga qulayroq, chunki men har kuni nevaralarimni maktabga olib borib qo‘yaman. O‘g‘lim kartamizni to‘ldirib turadi”, dedi keksa yoshli onaxon.

“Agar 3 000 so‘mga chiqadigan bo‘lsa, avtobus kartalari bilan to‘lagan qulayroq, chunki 3 000 bizga qimmatlik qiladi”, dedi talaba qiz.

Narxlarni oshirish evaziga odamlarga nima taklif qilinadi?

“Bu aholiga elektron to‘lov tizimidan foydalanib, yo‘lkira haqqini tejash imkoniyatini beradi. Chunki karta orqali to‘langanda to‘lov tarifi o‘zgarishsiz 1 700 so‘m sifatida qoldirilyapti,” dedi Transport vazirligi Axborot xizmati rahbari.

Yana bir e’tiborli tomoni shundaki, avtobus yoki metroga yuk bilan chiqsangiz, ya’ni bagaj xizmatidan foydalansangiz, yukingiz uchun 4 000 so‘m to‘lov qilasiz.

“Umuman olganda, bagajlarni tashish xizmati bo‘yicha tariflar avvaldan mavjud bo‘lgan. Bunda o‘lchov birliklari 120 ga 65 sm o‘lchamda bo‘lgan yuklarni olib yurgan yo‘lovchilar o‘z navbatida bagaj tashish xizmatidan foydalangani uchun qo‘shimcha haq to‘lashi kerak bo‘ladi”, dedi Navro‘z Ashirmatov.

Shuningdek, elektron to‘lovlarni amalga oshirishda amaldagi kunlik va oylik tariflarga qo‘shimcha sifatida qatnovlar sonidan kelib chiqib ko‘p martalik tarif rejalari joriy etiladi.

 

Shu bilan birga, transport kartalaridan foydalangan holda bir soat ichida bir yo‘nalishdan boshqasiga o‘tishda mavjud imtiyozli va bepul tarif rejalarining narxlari o‘zgarishsiz qoldiriladi.

Farangiz Qosimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Toshkent avtobus metro yo'lkira

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing