Qishloq xo‘jaligi vaziri: Fermerlarning ishiga aralashish kerak emas
Jamiyat
−
15 Sentabr 2019
6898Xabar berganimizdek, kecha, 14 sentyabr kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligi binosida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev mamlakat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar hamda hozirgi vaziyat haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Biz yer mexanizmi bo‘yicha ko‘p ishlarni amalga oshirishimiz kerak", dedi Qishloq xo‘jaligi vaziri. "Ishlarni to‘g‘ri belgilasak, ertaga fermerni hech kim burnini qonatolmaydi. Fermer bo‘ladimi, dehqon bo‘ladimi bilasizmi, dehqonlarimiz fermerlarga ishlaydi shularniyam huquqini himoya qilish kerak. Fermerlar paxta, g‘alla rejasini o‘ylaydi-da, mablag‘ sabab dehqonga takroriy ekinga yerni ijaraga beradi.
Shuning uchun davlat xarid tizimini o‘zgartirmoqchimiz. Fermer bug‘doy yoki kartoshka, paxta eksayam manfaatdor bo‘lishi kerak. Biz nima qilamiz, to‘g‘risini aytsam, yilning boshida bitta narxni belgilaymiz. Bu judayam qiyin. Oldindan turib maksimal narxni belgilaymiz. Hamma narsani GSMni, o‘g‘itni narxini shunga qarab to‘g‘rilaymiz.
O‘g‘itning narxi oshib ketadi deb, o‘g‘it bozorida “zakrыtiy rыnkalar (yopiq bozorlar demoqchi) qilamiz. Bu mexanizmlarni isloh qilishimiz uchun biz bozor mexanizmiga o‘tishimiz kerak.
Oxirida fermer sotadigan paxta bozor narxida bo‘lishi kerak. Klaster ham shundan sotib olishi kerak. Shuning uchun davlat to‘g‘ridan-to‘g‘ri dastur qilib, subsidiya tizimini joriy qilishi kerak. Lekin fermerlarning ishiga aralashishi kerak emas”, dedi Jashid Xodjayev.
“Muammolarimizni ochiqchasiga gapirishimiz kerak. Fermerlarga yordam berishimiz kerak. Masalan Andijondagi fermer Qashqadaryodagi fermer nima ekayotganini bilmaydi. O‘tgan yili qalampir voqeasini yaxshi bilasizlar. Qalampir eksporti rejalashtirilmasligi oqibatida qolib ketdi. Biz hozirda davlat konsalting markazi bilan juda katta ish qilyapmiz. Yaxshi analitiklari bor. Fermerlarga yordam berish kerak.
Biz bozorni o‘rgandik,qayerga nima sotish mumkin? Logistikasi bilan hisoblab nima ekish kerakligini aniqladik va biz buni yilning oxirida e’lon qilamiz”, dedi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri.
LiveBarchasi