Prezident qishloq xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha farmonni imzoladi
Jamiyat
−
18 aprel 2019
13004Joriy yilning 17 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qishloq xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmonni imzoladi. Quyida farmonning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoni
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va uning raqobatbardoshligini oshirish mamlakat aholisining 60 foizidan ortiq qismi yashayotgan qishloqlarning farovonlik darajasini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini boshqarish tizimida institutsional islohotlar amalga oshirildi, paxta xom ashyosi va boshoqli don mahsulotlarining davlat tomonidan kafolatlangan xarid narxlarini sezilarli darajada ko‘paytirish hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining moliyaviy barqarorligi oshirildi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etishning klaster modeli keng joriy etilmoqda, natijada oxirgi yillarda paxta-to‘qimachilik klasterlariga ajratilgan yer maydonlari hajmi mazkur ekin turi uchun ajratilgan qishloq xo‘jaligi yerlarining 52 foizini tashkil etdi.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda samarali bozor mexanizmlarining mavjud emasligi tarmoqning raqobatbardoshligini oshirish imkonini bermayapti.
Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan boshqarishning yaxlit tizimini shakllantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini davlat tomonidan xarid qilishning bozor mexanizmlarini joriy etish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik) asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:
birinchi navbatda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi sub’ektlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda bozor tamoyillarini joriy etish, ilg‘or tajriba va fan yutuqlarini, zamonaviy resurs tejovchi va intensiv agrotexnologiyalarni joriy etishni nazarda tutuvchi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash va sotishda zamonaviy kooperatsiya munosabatlarini kengaytirish orqali qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining qo‘shilgan qiymati zanjiri yaratilishini rag‘batlantirish;
agrobiznesning klaster modelini keng joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshirish, klasterlash jarayonining tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida klasterlarni tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish;
agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining moliyaviy barqarorligi, hosildorligi past yerlar unumdorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini oshirishga ko‘maklashadiganqishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish;
keng ko‘lamli zamonaviy moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish va sifatli qishloq xo‘jaligi texnikasidan foydalanish imkoniyatini oshirish orqali qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirish;
qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini tayyorlash, foydalanish va eksport qilishning zamonaviy tizimini shakllantirish, mahalliy va xorijiy seleksiya navlari, shu jumladan, biotexnologik navlarning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish va rivojlantirish;
o‘simliklarni himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, zararkunandalar va begona o‘tlarga qarshi kurashish, agrokimyoviy xizmat ko‘rsatish va tuproqni muhofaza qilish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
ta’lim, fan va qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishning tizimli asosda uzviy integratsiyalashuvini, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarining yuqori malakali soha mutaxassislariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holdakadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ta’minlash.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi va uning ilmiy-tadqiqot muassasalari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi etib qayta tashkil etilgan holda;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash davlat markazi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi etib qayta tashkil etilgan holda;
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi va uning bo‘linmalari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazietib qayta tashkil etilgan holda;
Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda Vazirlik ixtiyoriga o‘tkazilsin.
3. Belgilansinki:
Vazirlik tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining bio va nanotexnologiyalar, qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi navlarini yaratish va joriy etish bo‘yicha faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi;
qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi sohasida mehnat va moddiy-texnik resurslar sarfi me’yorlarini ishlab chiqish va yangilash O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
4. Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “O‘zagrokimyohimoya” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda qishloq xo‘jaligiga agrokimyoviy xizmat ko‘rsatish va o‘simliklar himoyasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritsin, bunda Vazirlik huzurida quyidagi vazifalarni amalga oshiruvchi ixtisoslashgan xizmat tashkil etilishi nazarda tutilsin:
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini o‘simliklarni himoya qilish kimyoviy va biologik vositalar bilan ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha profilaktik va integratsiyalashtirilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida tashkil etish;
mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, ekin maydonlarida, tomorqa yerlarda, issiqxona xo‘jaliklarida fitosanitariya holati ustidan doimiy kuzatuv va nazorat olib borish, qishloq xo‘jaligi ekinlari zararkunandalari, kasalliklari va begona o‘tlar rivojlanishi va tarqalishini prognoz qilish;
o‘simliklarni himoya qilish kimyoviy vositalarini tashish, saqlash, sotish va qo‘llash, qishloq xo‘jaligi uchun mineral o‘g‘itlarni agrokimyo xaritanomalari asosida tuproqning ozuqa moddalari bilan ta’minlanganligini hisobga olib, tabaqalashtirilgan holda yetkazib berish bo‘yicha belgilangan qoidalarga rioya etilishi ustidan nazorat qilish.
5. Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlarini jalb qilgan holda uch oy muddatda ishlab chiqilayotgan “Aqlli qishloq xo‘jaligi” konsepsiyasi doirasida qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish sohasini moliyalashtirish loyihalari va manbalari bo‘yicha takliflar kiritsin.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
Vazirlik ixtiyoriga o‘tkaziladigan tashkilotlar tegishli tashkilotlarning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalar bo‘yicha huquqiy vorislari hisoblanadi;
limon va grek yong‘og‘i ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar, kartoshka ishlab chiqaruvchilar uyushmalari rahbarlari ta’sischilar umumiy yig‘ilishi qarori bilan saylanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri taqdimnomasiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari, Vazirlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari, shu jumladan, vaqtincha bo‘sh turgan byudjetdan tashqari mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan, xizmatlar ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Vazirlik markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari va tumanlar (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limlari faoliyatini moliyalashtirish, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish (ish haqi, mukofot pullari, ustamalar va boshqa pul mukofotlarini to‘lash) manbalari hisoblanadi.
7. Vazirlik, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari ekspertlarini jalb qilgan holda uch oy muddatda don mahsulotlari narxlarini tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflarni;
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xalqaro (xorijiy) moliya institutlari va maslahatchilarni jalb etgan holda bir oy muddatda xorijiy tajriba va joylardagi haqiqiy ahvolni chuqur tahlil qilish asosida aniq moliyaviy manbalarni va mexanizmlarni ko‘rsatgan holda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2019-2021 yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun foydalanilmayotgan yer maydonlarini o‘zlashtirish konsepsiyasi loyihasini kiritsin:
zamonaviy irrigatsiya va melioratsiya texnologiyalari hamda yerlarni sug‘orish usullarini keng joriy etish;
to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida faol jalb etish;
Konsepsiyani amalga oshirishda ishtirok etuvchi tadbirkorlik sub’ektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash.
8. Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 apreldagi “Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5418-son Farmonining 2- va 8-bandlari;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3671-son qarorining 1- va 2-bandlari.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi faoliyatini takomillashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi faoliyatini tashkil etish;
Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini takomillashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Urug‘chilikni rivojlantirish markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari loyihalarini kiritsin.
10. Vazirlik ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019 yil 17 aprel
LiveBarchasi