Qish oldi Sergelidagi portlashdan zararlangan uylar to‘liq ta’mirlanmadi(mi?)
Jamiyat
−
19 Oktabr 2023
5823Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 28 sentyabr kuni Toshkent shahrining Sergeli tumani "Quruvchilar" dahasida ro‘y bergan portlash oqibatida shikast yetgan xonadonlarning ba’zilari ta’mirlanmasdan tashlab ketilgani haqida xabarlar tarqaldi. Tuman hokimligi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, favqulodda holat yuz bergan kuni hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tuzilgan shtab tomonidan, hodisa oqibatida shikast yetgan barcha xonadonlar o‘sha kuniyoq xatlovdan o‘tkazilib, ularni ta’mirlash ishlari boshlangan. Shu kunga kelib 39 ta ko‘p qavatli uydagi 1 144 ta xonadonda ishlar yakunlangan, 65 ta xonadon hamda 12 ta hovlida ishlar davom etmoqda.
“Haqiqatdan ham ba’zi shikast yetish darajasi nisbatan og‘irroq bo‘lgan xonadonlarda hozirgi kunga qadar ta’mirlash ishlari yakuniga yetmagan. Ayni paytda ham ishlar ketyapti. Ta’mirlashning hanuzgacha yakunlanmaganligi zarur jihozlar (nostandart deraza, eshik-romlar) ni tayyorlash uchun ketadigan muddat bilan bog‘liq”, deyiladi xabarda.
Hokimlikning qo‘shimcha qilishicha, vaziyatga pudratchi tashkilotlarning o‘z zimmasiga uddalay olmaydigan ishlar hajmini olishgani oqibatida vujudga kelgan kechikishlar, mas’uliyatsizlik ham sabab bo‘lgan.
“Afsuski, hudud aholisi orasida vaziyatdan unumli foydalanib qolish, deraza-romlar va eshiklarni zamonaviylariga almashtirib olish maqsadida ularni qasddan sindirish holatlari ham uchradi. Hodisa oqibatida zarar ko‘rgan xonadonlarni ta’mirlash ishlari davom etyapti va uni to‘liq yakunlash sektor rahbarlari tomonidan nazoratga olingan”, deyiladi munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, 28 sentyabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanidagi "Quruvchilar" dahasida "Inter Logistics" MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda hududdagi 26 ta ko‘p qavatli uyning 592 ta xonadoni hamda 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta MTT binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetdi.
Shuningdek, portlashda 163 nafar fuqaro jabrlandi va hodisa oqibatida 2006 yilda tug‘ilgan bir nafar o‘smir voqea joyida vafot etdi.
Favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etishga Milliy gvardiya otryadlari jalb etildi va voqea joyiga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov va Bosh vazir Abdulla Aripov yetib borib, holatni nazoratga oldi. Shahar hokimining ma’lum qilishicha, yetkazilgan moddiy zarar qoplab beriladi.
“Biz bu masalani 2-3 kun ichida hal qilamiz”, degan u.
LiveBarchasi