Qirolicha Mirziyoyevga tabrik yo‘lladi
Olam
−
01 Sentabr 2022
9954Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Qirolichasi Yelizaveta II O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga mamlakat Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Qirolicha maktubida Prezident Mirziyoyevga o‘zining eng ezgu tilaklari va samimiy tabriklarini bildirgan. Bu haqda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot o‘zining videomurojaatida so‘z ochgan. Torlot ham videomurojaatda O‘zbekiston xalqini mustaqillik kuni bilan tabriklab, bugungi dunyoda suverenitetning qadr-qimmati ortib borayotganini urg‘ulagan.
“Aziz do‘stlar, barchangizni muhim davlat bayrami – O‘zbekiston mustaqilligining 31 yilligi bilan tabriklayman.
Suverenitet – erkinlik ramzi bo‘lib, mamlakatga o‘z taraqqiyot yo‘lini, xalqiga esa o‘z taqdirini tanlash huquqini beradi. Odamlar bu huquq uchun hamisha kurashadilar va dunyoda ro‘y berayotgan voqealar buni yaqqol namoyon etmoqda.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, O‘zbekiston-Buyuk Britaniya munosabatlari o‘zaro manfaatli sheriklik ruhida faol rivojlana boshlaganini mamnuniyat bilan qayd etaman. Ishonamanki, biz birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan xalqimiz farovonligi yo‘lida ko‘p qirrali ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda davom etamiz.
Ushbu muhim sanada mening samimiy va iliq tilaklarimni qabul qiling. Oilangizda doimo tinchlik-xotirjamlik va farovonlik bo‘lsin. Mustaqillik bayramingiz muborak bo‘lsin”, deydi Tim Torlot.
Ma’lumot uchun, 2016 yilning dekabridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimini egallab kelayotgan Shavkat Mirziyoyev o‘tgan vaft mobaynida Buyuk Britaniyaga tashrif buyurgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, ko‘plab davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga mamlakat mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan tabrik maktublarini yo‘lladi. Ular orasida AQSH Prezidenti Jo Baydan, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer, Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham bor.
LiveBarchasi